Toshkentda odam o‘g‘irlashga urinish: ikki kishi ushlandi
Ular bir fuqaroni majburan avtomashinaga o‘tqazib olib ketgan, shuningdek, yana bir kishini elektroshoker yordamida hushsizlantirib bo‘lsa ham olib kelish haqida topshiriq olgan.

Toshkent shahrida buyurtma asosida odam o‘g‘irlashga urinishda gumonlangan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular bir fuqaroni avtomashinada majburan olib ketgan, biroq jabrlanuvchi qarshilik ko‘rsatib, qochishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro noma’lum shaxslar tomonidan avtomashinada olib qochilgani haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu holatga aloqadorlikda gumon qilingan ikki kishi ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida gumonlanuvchilarning 2003 va 1998-yillarda Toshkent shahrida tug‘ilgani, avval Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan sudlangani aniqlangan.
Ularning foydalanishidagi avtomobil ko‘zdan kechirilganda, yukxonasidan o‘tkir tig‘li bolta topilgan va protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilarning mobil telefonlari tekshirilganda, Telegram orqali buyurtmachi bilan olib borilgan yozishmalar aniqlangan. Ularda birinchi fuqaroni qanday bo‘lmasin buyurtmachining oldiga olib borish topshirig‘i berilgani ma’lum bo‘lgan.
Bundan tashqari, yozishmalarda yana bir fuqaroni ham majburan olib kelish talabi bo‘lgan. Agar u qarshilik ko‘rsatsa, bo‘yniga elektroshoker bilan zarba berib, hushsizlantirish evaziga bo‘lsa ham manzilga yetkazish ko‘rsatmasi berilgani qayd etilgan.
Vazirlik e’lon qilgan videoda gumonlanuvchilardan biri elektroshoker haqidagi gaplarni hazil tariqasida yozganini aytgan. Biroq IIV ma’lumotiga ko‘ra, ular ikkinchi fuqaroni ishxonasi oldida qariyb to‘rt soat kutgan. Uning xizmat safariga ketganini bilgach, rejani boshqa kunga qoldirgan.
Holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi «b» va «v» bandlari (og‘irlashtiruvchi holatlarda odam o‘g‘irlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni tovlamachilik, zo‘ravonlik va tahdid orqali pul talab qilish yoki turli xizmatlarni majburan tekinga bajartirish holatlariga duch kelganda, ichki ishlar organlariga murojaat qilishga chaqirdi. Bunday murojaatlarda fuqaroning shaxsi sir saqlanishi ta’kidlangan.








