G‘azoda kuchli yomg‘ir: 70 mingta chodirni suv bosdi
Chodirlar o‘rniga yig‘ma uylar yetkazib berilishi kerak edi. Biroq Isroil ularni G‘azoga olib kirishga ruxsat bermagan.

G‘azo sektorida mavsumning ilk qishki bo‘roni oqibatida ko‘chirilgan falastinliklar yashayotgan 70 mingga yaqin chodirni suv bosdi. Dastlabki zarar taxminan 3 million dollarga baholanmoqda. Bu haqda G‘azo hukumati matbuot idorasiga tayanib, Al Jazeera xabar berdi.
7-noyabr kuni e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, bo‘ron boshlanganidan keyingi 12 soat ichida o‘nlab devorlar qulab tushgan, bir necha kishi jarohatlangan. Shuningdek, avvalgi hujumlarda shikastlangan va qulash xavfi ostida turgan binolar aholi uchun qo‘shimcha tahdid tug‘dirmoqda.
G‘azo fuqarolik mudofaasi xizmati direktorining Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida qutqaruv guruhlarida suv bosgan oilalarga yordam berish uchun hatto brezent va chodirlar ham yo‘qligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, xizmat xodimlari faqat insonlar hayotini saqlab qolishga e’tibor qaratmoqda.
Bo‘ron G‘azoning sog‘liqni saqlash tizimiga ham zarar yetkazgan. G‘azo shahridagi al-Shifo tibbiyot majmuasi direktori Muhammad Abu Salmiya shifoxonaning shoshilinch yordam bo‘limini suv bosgani va u to‘rt soatga yaqin ishlamay qolganini ma’lum qildi.
U yomg‘ir suvi chodirlar ichidagi oqova suvlar bilan aralashib ketishi sababli oshqozon-ichak, nafas yo‘llari va teri infeksiyalari ko‘payishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shuningdek, sovuq va nam sharoit yangi tug‘ilgan chaqaloqlar hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi.
Al Jazeera muxbirining xabar berishicha, minglab ko‘chirilgan oilalar G‘azo sohillarida chodirlarda yashamoqda. Ular kuchli shamol, yomg‘ir va dengiz suvi sathining ko‘tarilishi xavfi ostida qolgan. Ko‘plab chodirlar ko‘chirilishning dastlabki yilida o‘rnatilgan bo‘lib, to‘rt yildan beri yamab-yamoq holda foydalanilmoqda.
Sulhning gumanitar protokoliga muvofiq, chodirlar o‘rniga yig‘ma uylar yetkazib berilishi kerak edi. Biroq Isroil ularni G‘azoga olib kirishga ruxsat bermagan.
Falastin nodavlat tashkilotlari tarmog‘i direktori Muhammad Salhaning aytishicha, hozir G‘azoga kuniga 180–200 ta yuk mashinasi kirib kelmoqda. Bu gumanitar protokolda kelishilgan 600 ta yuk mashinasidan ancha kam. Ularning atigi 40 ga yaqini gumanitar yordam tashiydi.
Salha Misr chegarasining G‘azo tomonida 50 mingta chodir olib kirilishini kutib turganini bildirib, xalqaro hamjamiyatni yordam yuklarining hududga yetkazilishiga erishish uchun faolroq harakat qilishga chaqirdi.








