Polshaning Krakov shahrida otishma yuz berdi: besh kishi halok bo‘ldi
Politsiya hujumchi yolg‘iz harakat qilganini va jamoatchilik uchun boshqa xavf yo‘qligini bildirgan.

Polshaning Krakov shahri markazida sodir bo‘lgan otishmada besh kishi halok bo‘ldi, 10 nafardan ortiq odam jarohatlandi. Bu haqda Reuters mahalliy politsiyaga tayanib xabar berdi.
Hodisa 7-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 atrofida yuz bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, harbiy kiyimdagi qurollangan shaxs avtomobilda shahar markazidagi gavjum maydonga kelib, odamlarga qarata o‘q uzgan. Hujumchi uzoq stvolli quroldan foydalangan. Politsiya uning avtomobilidan boshqa qurollar va o‘q-dorilarni ham topgan.
Otishma vaqtida gumonlanuvchi politsiya xodimlariga qarata ham o‘q uzgan. Natijada ikki nafar huquq-tartibot xodimi jarohatlangan. Politsiya javob o‘qi bilan hujum qilgan shaxsni yaralab, kasalxonaga olib ketgan.
Shuningdek, hodisa vaqtida yaqin atrofdagi tramvayga ham o‘q uzilgan. Oqibatda tramvay haydovchisi kabinasining oynasi singan.
Politsiya hujumchi yolg‘iz harakat qilganini va jamoatchilik uchun boshqa xavf yo‘qligini bildirgan. Hozirda hodisaning sabablari va barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda. Polsha bosh vaziri Donald Tusk ham voqea yuzasidan politsiya tergov olib borayotganini ma’lum qilgan.








