Saylovdan keyingi ikki kun: Ilon Mask kompaniyalari 420 mlrd dollar yo‘qotdi
Uning sof boyligi so‘nggi haftada 90 milliard dollarga qisqargan.

AQSh Kongressi saylovlaridan keyingi ikki kun ichida Ilon Maskga tegishli Tesla va SpaceX kompaniyalarining umumiy bozor qiymati qariyb 420 milliard dollarga kamaydi. Bu haqda CNBC nashri xabar berdi.
Tahlilchilar kompaniyalar qiymatining pasayishini Kongressda demokratlar ko‘pchilikni qo‘lga kiritgani ortidan investorlar orasida yuzaga kelgan xavotirlar bilan izohlamoqda. Ularning fikricha, yangi siyosiy vaziyat Ilon Maskning tergovlarga duch kelishi va kompaniyalariga nisbatan tartibga solish bosimi kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Tesla aksiyalari narxining pasayishi va SpaceX qiymatiga oid baholarning o‘zgarishi fonida Maskning shaxsiy boyligi ham kamaygan. CNBC ma’lumotiga ko‘ra, uning sof boyligi so‘nggi haftada 90 milliard dollarga qisqarib, taxminan 800 milliard dollarni tashkil etgan.
Saylovoldi kampaniyasi davomida Mask Respublikachilar partiyasini qariyb 470 million dollar bilan qo‘llab-quvvatlagan. U, ayniqsa, Texas shtatida faol bo‘lgan. Tadbirkor o‘z kompaniyalarining bosh qarorgohlarini ham ushbu shtatga ko‘chirgan edi.
Biroq saylov natijalariga ko‘ra, demokratlar Texasda gubernatorlik va senatorlik o‘rinlarini ham qo‘lga kiritgan. Deutsche Bank tahlilchilarining fikricha, yangi gubernator Jin Xinojosa davrida shtatda ma’lumotlar markazlarini qurish uchun ruxsat olish qiyinlashishi, shuningdek, Mask kompaniyalarining soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatlari kamayishi mumkin.
Avvalroq Reuters agentligi demokratlar Kongressdagi g‘alabadan so‘ng Donald Tramp ma’muriyati faoliyati yuzasidan keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi. Nashr manbalariga ko‘ra, bu tekshiruvlar Ilon Mask, Trampning o‘g‘illari va Oq uy xodimlarini ham qamrab olishi mumkin.








