“Men qilayotgan ishimni yaxshi ko‘raman”: Rubio iste’fosi haqidagi mish-mishlarni rad etdi
U o‘z ishidan mamnunligini va prezident uchun ishlash doim rejasida bo‘lganini aytgan.

AQSh Davlat kotibi va Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Marko Rubio Donald Tramp ma’muriyatidan ketishni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. U prezident uchun ishlash har doim rejasida bo‘lganini va hozirgi faoliyatidan mamnunligini aytgan.
Rubio bu haqda The New York Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
“Rostini aytsam, bu mish-mishlar qayerdan kelayotganini bilmayman. Men qilayotgan ishimni yaxshi ko‘raman. Bundan tashqari, ular mening ishdan ketishim haqida gapirishganda, doim kulaman. Men: «Aniq qaysi lavozimdan?» deb so‘rayman”, — degan u.
Suhbat davomida Davlat kotibi 2028-yilgi prezidentlik saylovlarida nomzod bo‘lish ehtimoli haqidagi savolga javob berishdan bosh tortgan.
“Men endi 2028-yil haqida gapirmayman. Shunchaki gapirmayman”, — degan Rubio.
Avvalroq u vitse-prezident J.D. Vens prezidentlikka nomzodini qo‘yishga qaror qilsa, uni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi. 2025-yil iyul oyida Rubio Vensni 2028-yilgi saylovlarda Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lish uchun “a’lo nomzod” deb atagan.
AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2028-yil 7-noyabrda bo‘lib o‘tishi belgilangan. Yangi saylangan prezidentning inauguratsiyasi esa 2029-yil 20-yanvarda o‘tkaziladi.








