Yaponiyada 5,7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi: kamida 22 kishi jarohatlandi
Rasmiylar yaqin kunlarda yana kuchli zilzilalar yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Yaponiya markazida yakshanba kuni erta tongda 5,7 magnitudali zilzila yuz berdi. Oqibatda kamida 22 kishi jarohatlangan, do‘konlarning oynalari singan va aholi binolarni tark etishga majbur bo‘lgan. Bu haqda AP xabar berdi.
Yaponiya Meteorologiya agentligi zilzila magnitudasini 5,7, AQSH Geologiya xizmati esa 5,5 deb baholagan. Yer silkinishi Shizuoka prefekturasida, taxminan 40 kilometr chuqurlikda, mahalliy vaqt bilan soat 01:04 da qayd etilgan.
Zilzila Aichi, Shizuoka, Gifu, Yamanashi, shuningdek, Kioto va Nara hududlarida sezilgan. Eng kuchli silkinish Aichi prefekturasida kuzatilgan. Jarohatlanganlar orasida zilzila vaqtida binodan chiqishga urinib, zinapoyadan yiqilganlar ham bor.
Yaponiya Meteorologiya agentligi kelgusi bir hafta davomida, ayniqsa, yaqin ikki-uch kun ichida kuchli zilzilalar yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi. Aholiga ko‘chki, tosh qulashlari va yog‘ingarchilik oqibatlaridan ehtiyot bo‘lish tavsiya etilgan.
Hozircha kuchli zilzila yuz berishi mumkinligi taxmin qilinayotgan Nankay botig‘idagi tektonik plitalar chegarasida noodatiy o‘zgarishlar aniqlanmagan. Xavfsizlik chorasi sifatida zilzila ta’sir ko‘rsatgan hududlarda Shinkansen tezyurar poyezdlari harakati tezligi pasaytirilgan.
Ma’lumot uchun, Yaponiya seysmik faolligi yuqori hududda joylashgan. Shu sababli mamlakat rasmiylari aholini favqulodda vaziyatlar uchun ichimlik suvi, oziq-ovqat va batareyalar zaxirasini tayyorlab qo‘yishga chaqirib keladi.








