Jahon

Pokistonda to‘g‘on to‘sig‘i quladi: qurilish maydonini suv bosdi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jarohatlanmagan va halok bo‘lmagan.

Pokistonda to‘g‘on to‘sig‘i quladi: qurilish maydonini suv bosdi

 

Pokistonning Tarbela to‘g‘onini kengaytirish loyihasi doirasida qurilish ishlari olib borilayotgan hududda himoya dambasi o‘pirilib, suv omboridan katta miqdorda suv oqib chiqdi. Hodisa oqibatida hududni suv bosgan.

 

Dawn nashrining xabar berishicha, voqea dushanba kuni mamlakatning Xaripur shahri yaqinidagi Tarbela to‘g‘onining beshinchi kengaytirish gidroenergetika loyihasi — T-5 hududida yuz bergan. Qulash qurilishi hali yakunlanmagan 5-sonli tunnel yaqinidagi himoya inshootida sodir bo‘lgan.

 

Hodisa vaqtida hududda qazish ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Suvning to‘satdan oqib kelishi ortidan favqulodda vaziyat e’lon qilinib, qurilish ishlari to‘xtatilgan. Barcha ishchilar xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.

 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jarohatlanmagan va halok bo‘lmagan.

 

Hozirda himoya dambasining qulash sabablari o‘rganilmoqda. Dastlabki xabarlarda inshoot nima sababdan o‘pirilib tushgani haqida aniq ma’lumot berilmagan.