“Singapurni fabrikalarsiz qura olmayman. Men sehrgar emasman” — Sadir Japarov
Qirg‘iziston prezidenti neftni qayta ishlash zavodini yopish haqidagi murojaatga javob berdi.

Sadir Japarov Qora-Balta shahridagi Junda neftni qayta ishlash zavodi faoliyatidan norozi bo‘lgan aholining murojaatiga munosabat bildirdi. U korxonani yopish o‘rniga, zarurat tug‘ilsa, boshqa joyga ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqish mumkinligini aytgan.
8-noyabr kuni Sadir Japarov Qora-Balta shahri, Jayil va Panfilov tumanlari aholisi bilan uchrashdi. Unda Qora-Balta shahrida yashovchi Gulyanda Tabaldieva prezidentdan Junda zavodini yopish yoki unga havoni tozalash tizimlarini o‘rnatishni so‘radi.
Ayolning ta’kidlashicha, korxona atrof-muhitga zarar yetkazmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi orasida turli kasalliklar, jumladan, allergiya va gipertoniya ko‘paygan, odamlarning sochlari to‘kilmoqda.
Japarov esa fuqarolarning aksariyati mamlakatda yangi korxona va fabrikalar qurilishini, ish o‘rinlari yaratilishini istashini bildirdi.
“Bir tomondan, men ularni kengaytirishga harakat qilyapman, ikkinchi tomondan, siz ulardan yopishni so‘rayapsiz. 5–10 foiz norozi. To‘qson foizi esa: «Quring, oching, ish o‘rinlari yarating, Singapurni barpo eting», deydi. Lekin neftni qayta ishlash zavodlarisiz qanday qilib Singapurni qura olaman? Men sehrgar emasman”, — dedi prezident.
Uning qayd etishicha, Junda zavodi 2011-yilda qurilgan va Qirg‘izistonning yoqilg‘i bilan ta’minlanishida muhim ahamiyatga ega. Mamlakatda To‘qmoq–Kemin hududida hamda janubiy mintaqada yana neftni qayta ishlash zavodlarini qurish rejalashtirilmoqda.








