Jahon

Rossiyaning sakkizta hududida migrantlar taksichilik qila olmasligi mumkin: o'zbekistonliklarga ta'sir qilishi mumkin

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar fuqarolari bundan mustasno bo‘ladi.

Rossiyaning sakkizta hududida migrantlar taksichilik qila olmasligi mumkin: o'zbekistonliklarga ta'sir qilishi mumkin

 

Rossiyada 2027-yildan boshlab sakkizta mintaqada xorijiy fuqarolarning taksi haydovchisi sifatida ishlashiga taqiq joriy etilishi mumkin. Bu O‘zbekiston fuqarolariga ham ta’sir qilishi ehtimoli bor.

 

Rossiya Mehnat vazirligi tomonidan tayyorlangan loyiha Mordoviya, Tatariston, Udmurtiya, Chuvashiya, Orenburg, Sverdlovsk va Ulyanovsk viloyatlari, shuningdek, Yahudiy avtonom viloyatida xorijiy ishchilarni taksi haydovchisi sifatida yollashni cheklashni nazarda tutadi.

 

Cheklovlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar — Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolariga tatbiq etilmaydi. Shu sababli O‘zbekiston fuqarolari yangi tartib kuchga kirgan taqdirda cheklovlarga duch kelishi mumkin.

 

Rossiyada vaqtinchalik yoki doimiy yashash ruxsatnomasiga ega chet elliklar, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislar uchun istisnolar belgilangan.

 

Loyiha taksi xizmatidan tashqari boshqa sohalarni ham qamrab oladi. Mordoviya va Udmurtiyada shahar va shahar atrofi yo‘lovchi tashish hamda avtomobil yuk tashish sohalarida, Orenburg viloyatida esa shahar va shahar atrofi transportida xorijiy ishchilar ulushini cheklash taklif etilgan. Kaluga viloyatida kuryerlik xizmatlariga ham cheklov qo‘llanishi mumkin.

 

Rossiya Mehnat vazirligi cheklovlar har bir ish beruvchiga alohida tatbiq etilishini bildirgan. Ya’ni kompaniyalar belgilangan me’yordan ortiq xorijiy ishchini yollay olmaydi.

 

Mordoviya rasmiylari tashabbus zaruratini chet elliklar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari, noqonuniy taksi yollash holatlari va boshqa qonunbuzarliklar bilan izohlagan.

 

Hozircha hujjat qaror loyihasi hisoblanadi. U oktyabr oyi oxirida Rossiya uch tomonlama komissiyasi tomonidan ma’qullangan. Yangi qoidalar kuchga kirishi uchun Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin tomonidan imzolanishi kerak.