Maktabda elektron doska uchun ota-onalardan pul yig‘ildimi? Holat o‘rganilmoqda
Samarqanddagi maktabda ota-onalardan pul yig‘ilgani haqidagi xabar yuzasidan ishchi guruh tuzildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi 56-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchilari ota-onalaridan elektron doska xarid qilish uchun 100 ming so‘mdan pul yig‘ilgani, biroq ushbu mablag‘lar hisobidan televizor sotib olingani haqida xabar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati ta’lim va ilm-fan boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu ta’lim muassasasida hozirda 4 ta elektron doska mavjud. Boshqarma umumta’lim maktablarida har qanday maqsadda ota-onalardan pul mablag‘lari yig‘ish qat’iyan taqiqlanganini eslatdi.
Qayd etilishicha, holatni atroflicha o‘rganish uchun viloyat ta’lim va ilm-fan boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilgan. O‘rganish natijalari bo‘yicha jamoatchilikka batafsil ma’lumot berilishi bildirilgan.








