IMEI tekshiruvi bilan bog‘liq muammolar: Toshkent aeroportida telefonlarni rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatildi
Bojxona qo‘mitasi telefonlar 30 kungacha olib qo‘yilishi va tezkor rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etilgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan kelayotgan yo‘lovchilarning mobil qurilmalari ekspertiza uchun 30 kungacha muddatga vaqtincha olib qo‘yilayotgani va ularni bir kun ichida rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bojxona qo‘mitasi ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda mobil qurilmalarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda IMEI kodlarini soxtalashtirish, boshqa qurilmalarga tegishli identifikatorlardan foydalanish hamda bir telefon ma’lumotlari orqali boshqa qurilmalarni qonuniylashtirish kabi qonunbuzilish holatlari ko‘paygan.
Qayd etilishicha, joriy yil boshidan buyon “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan 185 ta holatda qiymati 8,8 mlrd so‘mlik 1 185 dona uyali aloqa vositasining noqonuniy olib kirilishi oldi olingan.
Bojxona qo‘mitasi mobil qurilmalarning IMEI identifikatorlarini, xususan, IMEI-1 va IMEI-2 kodlari bitta qurilmaga tegishli ekanini hamda ushbu kodlar bo‘yicha avval tarmoq hodisasi sodir bo‘lganini aniqlash maxsus bilim va malaka talab qilishini ta’kidladi.
Ayni vaqtda Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvi ularning IMEI identifikatorlarini aniqlash va qonuniy olib kirilganini tasdiqlash bilan bog‘liq ayrim masalalarga oydinlik kiritilguniga qadar vaqtincha to‘xtatilgan.
Ushbu masalalarni huquqiy jihatdan to‘g‘ri va yagona tartibda hal etish, kelgusida qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida tegishli idoralar bilan hamkorlikda ishlar olib borilishi belgilangan.
Qo‘mita vaziyatga qisqa muddatlarda oydinlik kiritilishi va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini belgilangan tartibda davom ettirish imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi.








