6000 dan ortiq maktabda vahima: Italiyada ommaviy bomba tahdidlari tekshirilmoqda
Mmalakatdagi maktablarga bomba qo‘yilgani haqida anonim xatlar yuborildi.

11-noyabr kuni Italiyadagi 6300 ga yaqin davlat maktabiga binolarga bomba qo‘yilgani haqida anonim elektron xatlar kelib tushdi. Xabarlar ortidan yuzlab ta’lim muassasalarida o‘quvchilar va xodimlar evakuatsiya qilindi. Tekshiruvlar davomida hech bir holatda haqiqiy xavf aniqlanmadi.
ANSA xabariga ko‘ra, tahdidli xatlar mamlakatdagi 7476 ta davlat maktabining qariyb 6300 tasiga yuborilgan. Bu barcha davlat ta’lim muassasalarining 84 foizidan ortig‘ini tashkil etadi. Ayrim xatlar spam papkalariga tushgan.
Maktab ma’muriyatlari binolarni zudlik bilan bo‘shatishga qaror qilgan. Politsiya, karabinyerlar va bomba zararsizlantirish bo‘yicha mutaxassislar voqea joylariga yuborilgan.
Italiya ta’lim vaziri Juzeppe Valditara hozircha aniq xavf mavjud emasligini ma’lum qilgan. Tahdidli xatlarni yuborgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tergov boshlangan.
Bosh vazir Giorgia Melonining aytishicha, dastlabki tekshiruvlar haqiqiy tahdid belgilarini aniqlamagan. Uning fikricha, xatlar vahima va xavotir uyg‘otishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Bosh vazir 12-noyabr kuni muxolifat yetakchilari bilan ham uchrashib, ular bilan ma’lumot almashadi.
Shu kuni Irlandiya, Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyadagi ayrim maktablarga ham bomba tahdidi haqida xabarlar kelib tushgan. Shimoliy Irlandiya politsiyasi shoshilinch tekshiruv o‘tkazgan va keyinchalik ushbu xabarlar ishonchli tahdid tug‘dirmaganini bildirgan.








