Nyu-Yorkda uch qavatli bino qulab tushdi: 2 kishi halok bo'ldi
Qutqaruvchilar vayronalar ostida boshqa qurbonlar bor-yo‘qligini tekshirmoqda.

AQSHning Nyu-York shahri Bruklin tumanidagi Flatbush mahallasida uch qavatli binoning qulashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Nyu-York shahar yong‘in xizmati komissari Lillian Bonsignorening matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, jarohatlanganlarning yetti nafari bolalardir. Hodisa oqibatida jami 19 kishi jabrlangan, ular orasida bir nafar o‘t o‘chiruvchi ham bor. Uning jarohati yengil ekani aytilmoqda.
Jarohatlanganlardan 12 nafarining ahvoli barqaror, to‘rt nafari esa og‘ir ahvolda. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Nyu-York shahar yong‘in xizmati boshlig‘i Jon Espozitoning aytishicha, qidiruv-qutqaruv ishlari va vayronalarni tozalash bir necha kun davom etishi mumkin. Jarayon binoning beqaror holati hamda qo‘shni inshootning qayta qulashi xavfi sabab murakkablashgan.
Espozito vaziyatni o‘ta beqaror deb baholab, qutqaruvchilar vayronalar ostida boshqa qurbonlar bor-yo‘qligini aniqlamaguncha hodisa joyida qolishini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bino 11-noyabr kuni tushdan keyin qulagan. Yong‘in xizmatiga mahalliy vaqt bilan soat 16:01 da xabar kelib tushgan va voqea joyiga ixtisoslashgan qutqaruv guruhlari yuborilgan.








