Ukraina bo‘yicha muzokaralarda yangi bosqich: Stubb uchrashuv muddatini ma’lum qildi
Finlyandiya prezidenti AQSh, Rossiya, Ukraina va Yevropa vakillari ishtirokidagi uchrashuv bir-ikki hafta ichida o‘tkazilishi mumkinligini aytdi.

Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb AQSh, Rossiya, Ukraina va Yevropa vakillari ishtirokida texnik darajadagi yangi uchrashuv bir yoki ikki hafta ichida bo‘lib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning fikricha, Yevropa vakillarining muzokaralarda ishtirok etishi real imkoniyatga ega.
Stubb bu haqda CNN telekanaliga bergan intervyusida aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt tomon vakillari ishtirokidagi uchrashuv muzokaralar jarayonida ijobiy siljishga xizmat qilishi mumkin.
Finlyandiya rahbari, shuningdek, AQSh prezidentining maxsus elchilari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Moskvaga tashrifi natijalarini kutish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, Yevropa vakillarining muzokaralar stoliga qaytishi ehtimoli bor.
Stubb Yevropaning muzokaralarga qo‘shilishi bo‘yicha yakuniy qaror Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin hamda Vladimir Zelenskiyga bog‘liqligini ham qayd etgan.
Ayni paytda Rossiya tomoni Yevropa davlatlarining muzokaralarga qo‘shilishiga ehtiyotkorona munosabat bildirmoqda. Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Yevropa mamlakatlarining uch tomonlama muzokaralarga qo‘shilishi jarayonni ortga surishi va mavjud sa’y-harakatlarga putur yetkazishi mumkinligini aytgan.








