BAAda yirik YTH: 14 kishi halok bo‘ldi, 30 kishi jarohatlandi
To‘qnashuvdan so‘ng boshlangan yong‘in boshqa transport vositalariga ham tarqalgan.

Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra amirligida yuk mashinasi va bir nechta avtomobil ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi, yana 30 kishi jarohatlandi. To‘qnashuvdan keyin transport vositalarida yong‘in ham yuzaga kelgan.
Fujayra politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa payshanba kuni yarim tunga oz vaqt qolganda Shayx Xalifa bin Zoid avtomobil yo‘lida, Fujayra shahriga kirish qismida sodir bo‘lgan.
Dastlab yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, boshqa transport vositasiga urilgan. Shundan so‘ng yuk mashinasi ag‘darilib, tirbandlik sababli to‘xtab turgan bir nechta avtomobil bilan to‘qnashgan. To‘qnashuv ortidan yuk mashinasida yong‘in chiqqan va alanga shikastlangan boshqa transport vositalariga ham tarqalgan.
Politsiya xabariga ko‘ra, jarohatlanganlarning 15 nafari shifoxonadan javob berilgan, qolgan 15 nafari davolanishni davom ettirmoqda. Halok bo‘lganlar orasida BAA fuqarolari ham bor. Ayrim qurbonlarning shaxsini aniqlash uchun DNK ekspertizasi o‘tkazilmoqda.
Hodisa joyiga favqulodda vaziyatlar xizmati, fuqaro muhofazasi bo‘linmalari, tez yordam va politsiya xodimlari jalb qilingan. Ular yong‘inni o‘chirgan, jarohatlanganlarni shifoxonalarga olib borgan hamda hudud xavfsizligini ta’minlagan.








