Bemor bolalar devorlarni tozalashga jalb qilindi: SSV xodimlarga chora ko‘radi
O‘rganish yakunlariga ko‘ra, bunga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi bildirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazida ayrim bemor bolalar yo‘lak devorlarini tozalayotgani aks etgan video tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holat yuzasidan izoh berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki o‘rganishlarda voqea 2026-yil 11-noyabr kuni sodir bo‘lgani aniqlangan. O‘sha kuni soat 07:20 da ishga kelgan bo‘lim xo‘jalik bekasi M.A. yo‘lak devorlarida oyoq izlarini ko‘rgan. Shundan so‘ng bunga sababchi bo‘lgan bolalar devorlarni tozalash ishlariga jalb qilingan.
Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi joriy yil mart oyidan faoliyat yuritadi. Muassasa 18 yoshgacha bo‘lgan bemorlarga asab tizimi, ortopediya, nafas yo‘llari hamda oshqozon-ichak kasalliklari bo‘yicha reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatadi.
SSV tomonidan holatni o‘rganish uchun ishchi guruh tuzilgan. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, bunga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi bildirilgan.








