Isroil G‘azodagi shifoxonaga zarba berdi: jarroh va yana besh kishi halok bo‘ldi
BMT esa kuchli yomg‘irlar tufayli boshpanasiz qolgan aholi uchun G‘azoga zudlik bilan chodirlar yetkazishga chaqirdi.

12-noyabrga o‘tar kechasi Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azo sektorining janubidagi Nosir tibbiyot majmuasiga zarba berdi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi va fuqaro muhofazasi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida kamida olti nafar falastinlik, jumladan, jarroh Rizq Abu Shaira halok bo‘lgan, 20 kishi yaralangan.
Shifoxona direktori Raed al-Dahshanning aytishicha, raketa bino ichiga yuqoridan kirib, bir necha qavatni teshib o‘tgan va katta vayronagarchilikka sabab bo‘lgan. Zarba natijasida jarrohlik hamda intensiv terapiya bo‘limlari jiddiy zarar ko‘rgan. U jarohatlanganlarning ahvoli og‘irligi sababli qurbonlar soni ortishi mumkinligini bildirgan.
Al Jazeera muxbiri Hind Xudarining xabar berishicha, halok bo‘lgan va yaralanganlarning aksariyati bemorlar bo‘lgan. Ular orasida ertasi kuni operatsiya qilinishi rejalashtirilgan bemorlar ham bor.
Nosir tibbiyot majmuasi Xon Yunis shahridagi faoliyat yuritayotgan yagona shifoxona bo‘lib, G‘azoning janubidagi kamida 500 ming kishiga xizmat ko‘rsatadi. Muxbirning qayd etishicha, bu Isroilning so‘nggi ikki yil ichida mazkur tibbiyot muassasasiga yettinchi hujumidir.
Isroil armiyasi hujum vaqtida shifoxonada bo‘lgan HAMAS qo‘mondonini nishonga olganini ma’lum qildi. HAMAS esa zarbani xalqaro huquq bilan himoyalangan fuqarolik tibbiyot muassasasiga qarshi sodir etilgan “harbiy jinoyat” deb atadi.
Harakat vositachilar va AQSH ma’muriyatini Isroilning sulh kelishuvini buzish holatlariga chek qo‘yish uchun choralar ko‘rishga chaqirdi.
G‘azoda 2025-yil oktabr oyida sulh kuchga kirganiga qaramay, Isroil hujumlari davom etmoqda. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, shu davrdan buyon Isroil zarbalari oqibatida kamida 1 600 nafar falastinlik halok bo‘lgan.
G‘azoning boshqa hududlaridagi hujumlar
Nosir tibbiyot majmuasiga berilgan zarbadan oldin, chorshanba kuni Isroilning G‘azo sektoridagi boshqa hujumlari oqibatida yana yetti nafar falastinlik halok bo‘lgan.
Jumladan, G‘azo shahrining janubidagi Sabra mahallasiga berilgan havo zarbasi oqibatida 38 yoshli Muhammad Salem ad-Daash halok bo‘lgan. Markaziy G‘azodagi Bureyj qochqinlar lageri sharqida bir kishi Isroil harbiylari tomonidan otib o‘ldirilgan. G‘azo shahrining shimoli-g‘arbidagi Nasr mahallasida esa dron hujumi oqibatida yana bir falastinlik halok bo‘lgan.
Shuningdek, Shayx Radvan mahallasida ko‘chirilgan aholi yashayotgan chodirga berilgan zarba oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi yaralangan.
Al Jazeera muxbiri Hind Xudari hujumlar oqibatida tinch aholi vakillari, jumladan, kundalik ehtiyojlarini qondirishga urinayotgan odamlar ham halok bo‘layotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, suv idishini to‘ldirayotgan bir kishi dron zarbasidan halok bo‘lgan. Boshqa bir hujumda esa al-Absi oilasiga mansub ikki aka-uka al-Jalaa ko‘chasidagi chodirda boshpana topgan paytida o‘ldirilgan.
BMT G‘azoga qo‘shimcha yordam yetkazishga chaqirdi
Isroil hujumlari G‘azoda kuchli yomg‘irlar oqibatida yuzaga kelgan gumanitar vaziyat keskinlashgan bir paytda davom etmoqda. G‘azo hukumatining Matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, dam olish kunlari yog‘gan yomg‘ir oqibatida kamida 70 mingta chodirni suv bosgan.
UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda yog‘ingarchilik G‘azoda kamida 106 ming kishiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Minglab ko‘chirilgan falastinliklarning chodirlari suv ostida qolgan, vaqtinchalik hojatxonalardan oqova suvlar esa aholi yashayotgan lagerlarga tarqalgan.
Nodavlat tashkilotlar va mahalliy muassasalar inqirozni bartaraf etish uchun yetarli mablag‘ va imkoniyatlarga ega emasligini bildirgan. Shu bilan birga, Isroil zarur gumanitar yordamning G‘azoga kirishini cheklashda davom etmoqda.
BMT bosh kotibi matbuot kotibi o‘rinbosari Farhan Haq yordam yuklarini, jumladan, chodirlarni G‘azoga olib kirish uchun Isroil rasmiylarining ruxsati zarurligini ta’kidlagan.
BMTning Gumanitar masalalar bo‘yicha rahbari Tom Fletcherning aytishicha, G‘azoga yordam yetkazishni qo‘llab-quvvatlayotgan ayrim davlatlar qishki mavsum uchun zarur mahsulotlarni Isroilda yangi hukumat shakllantirilguniga qadar yuborishni kechiktirish kerakligini bildirgan.
“Bu maqbul bahona emas”, — degan Fletcher yordam yetkazishning kechiktirilishi, to‘sib qo‘yilishi va moliyalashtirishning qisqartirilishi oqibatlarini qayd etib.
Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tajani esa 11-noyabr kuni Rim suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan G‘azo aholisiga shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun 5 million yevro (5,5 million dollar) miqdoridagi favqulodda yordam dasturini boshlaganini ma’lum qilgan.








