Arzon ijara va’dasi bilan firibgarlik: Toshkentda soxta rieltorlar ushlandi
Ular mijozlarga o‘zlarini uy egalari yoki rieltorlar sifatida tanishtirgan.

Toshkent shahrining Bektemir tumanida OLX platformasi va Telegram orqali uy-joy ijarasi bilan bog‘liq firibgarlikda gumonlangan ikki kishi ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 26 yoshli Sardor va 29 yoshli Xurshid uy-joylarni bozor narxidan ancha arzon ijaraga berish haqida e’lonlar joylashtirgan. Ular fuqarolar bilan telefon orqali gaplashganda va yozishmalarda o‘zlarini uy egalari, rieltor yoki makler sifatida tanishtirgan.
Gumonlanuvchilar ijaraga qiziquvchilardan oldindan to‘lov olgach, ular bilan aloqani uzgan. Natijada 10 nafardan ortiq fuqaro aldangan.
Tezkor tadbir davomida jinoyatga aloqador deb topilgan sakkizta mobil telefon, 15 ta SIM-karta va 16 ta bank kartasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.








