Mahkumalarning farzandlari uchun bog‘chalar: ikki jazoni ijro etish muassasasida markazlar ochiladi
3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun tun-u kun faoliyat yuritadigan “Ona va bola markazlari” tashkil etiladi.

Prezidentning 2026-yil 12-noyabrdagi qarori bilan mahkuma ayollarning farzandlarini maktabgacha ta’lim xizmatlari bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-dekabrdan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi 21-son jazoni ijro etish koloniyasi qoshidagi Bolalar uyi negizida hamda 42-son manzil-koloniyada “Ona va bola markazlari” shaklidagi maxsus davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi.
Markazlarda 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun besh nafargacha tarbiyalanuvchini qamrab oladigan, kecha-yu kunduz faoliyat yurituvchi guruhlar tashkil qilinadi. Ularda bolalarning yashashi, tibbiy xizmatdan foydalanishi hamda yoshiga mos rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, bolalar oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal va boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning o‘z vaqtida emlanishi va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini tashkil etadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi esa har chorakda ona va bola uchun yaratilgan sharoitlarni monitoring qilib boradi.








