O‘zbekiston va IREX: media sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasi IREX bilan jurnalistlar malakasini oshirish va media sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasi AQShga safari doirasida Vashington shahrida Tadqiqotlar va tajriba almashish bo‘yicha xalqaro kengash (IREX) prezidenti Aleksandr Dardeli bilan uchrashdi.
Muloqot davomida media sohasida hamkorlik o‘rnatish, jurnalistlar uchun xalqaro tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
IREX (International Research & Exchanges Board) — AQShda tashkil etilgan xalqaro ta’lim, jurnalistika, axborot almashinuvi va institutsional rivojlanish yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi yirik notijorat tashkilot hisoblanadi. U hozirga qadar 100 dan ortiq mamlakatda hamkorlik loyihalarini amalga oshirgan.
Tashkilotning asosiy maqsadi ta’lim, axborotdan foydalanish imkoniyatlari, yetakchilik hamda jamiyat institutlarini rivojlantirishdan iborat.
IREX jurnalistlar malakasini oshirish, media tashkilotlarni rivojlantirish, shuningdek, media savodxonlikni kuchaytirish, soxta axborot va dezinformatsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirib keladi.








