Gaz ballonlarini noqonuniy to‘plash davom etmoqda: 20-oktyabrdan beri 9,4 mingdan ortiq ballon aniqlandi
Gaz ta’minoti tizimi xodimlari bilan bog‘liq holatlarda ham qonunbuzilishlar aniqlanib, jumladan, bir xodimda 104 ta gaz balloni borligi qayd etilgan.

O‘zbekistonda, ayniqsa, tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan hududlarda aholini suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Biroq ayrim shaxslar aholi ehtiyoji uchun ajratilgan gazdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishga urinmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, «O‘zenergoinspeksiya» hamda «Hududgazta’minot» AJ xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida shunday qonunbuzilishlar aniqlangan.
Jumladan, 9-noyabr kuni o‘tkazilgan tadbirlarda 7 ta holatda jami 249 ta gaz balloni tijoriy narxda sotish maqsadida noqonuniy saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan.
Aniqlangan holatlar orasida gaz ta’minoti tizimi xodimlari bilan bog‘liq qonunbuzilishlar ham bor. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Amudaryo tumangaz» bo‘limi suyultirilgan gaz xizmati chilangari 104 ta gaz ballonini tegishli hujjatlarsiz va yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda saqlagani aniqlangan.
Surxondaryo viloyatida «Sherobodtumangaz» ta’minoti bo‘limi haydovchisi o‘z xonadonida 25 ta gaz ballonini saqlagan. Toshkent viloyatida esa «Quyichirchiq tumangaz» bo‘limi gaz to‘ldirish shoxobchasi gaz ballon to‘ldiruvchisida 3 ta gaz balloni borligi qayd etilgan.
Shuningdek, Namangan shahrida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan shaxs keyinchalik aholiga sotish maqsadida uyida 20 ta gaz ballonini saqlagani aniqlangan.
Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida 1974 va 1996-yillarda tug‘ilgan ikki fuqaroning xonadonlarida jami 92 ta gaz balloni yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda saqlangani qayd etilgan. Xorazm viloyatining Xonqa tumanida esa 1995-yilda tug‘ilgan shaxs mahalladagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida gaz idoralariga tegishli, aholi uchun ajratilgan 5 ta gaz ballonidan noqonuniy foydalangan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 20-oktyabridan buyon respublika bo‘yicha 370 ta holatda jami 9 455 ta gaz balloni noqonuniy saqlanayotgani aniqlangan. Ulardagi suyultirilgan gaz miqdori 102 158 kilogrammni tashkil etgan.








