Italiyada kuchli yog‘ingarchilik: ayrim hududlarni suv bosdi
Liguriya mintaqasida ikki kun davom etgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida ko‘chalar va binolarni suv bosdi, ko‘chkilar yuz berdi.

Italiyaning Liguriya mintaqasida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida suv toshqinlari va ko‘chkilar yuz berdi. Tabiiy ofatdan La-Speziya shahri va uning atrofidagi aholi punktlari jiddiy zarar ko‘rdi.
11-noyabr kuni boshlangan kuchli yog‘ingarchilik keyingi ikki kun ham davom etdi. La-Speziyada ko‘chalar va binolarning quyi qavatlarini suv bosdi. Qutqaruvchilar yerto‘lalar, omborxonalar va savdo shoxobchalarida to‘plangan suvni chiqarish ishlarini olib bordi. Tozalash ishlariga Italiya harbiy-dengiz kuchlari ham jalb etildi.
Shaharning Valdellora hududida yuz bergan ko‘chki oqibatida ikki turar joy binosi xavf ostida qolgan. To‘qqizta oilaga mansub 25 kishi xavfsizlik nuqtayi nazaridan uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, viloyatdagi oltita avtomobil yo‘li ko‘chki va yo‘l qoplamasining shikastlanishi sababli yopilgan.
Vaziyatni murakkablashtirgan omillardan biri Magra daryosida suv sathining keskin ko‘tarilishi bo‘ldi. 13-noyabr kuni daryodagi suv sarfi sekundiga qariyb 2 ming kub metrga yetib, xavf chegarasidan oshgan. Arkola va boshqa aholi punktlarida daryo bo‘yidagi hududlarda yashovchilarga ehtiyot choralarini ko‘rish, ayrim joylarda esa uylarini tark etish tavsiya qilingan.
Italiya meteorologiya va atrof-muhit monitoringi xizmati (Arpal) ma’lumotlariga ko‘ra, 12-noyabr kuni Kastelnuovo-Magra hududida 24 soat ichida 226 millimetr yog‘in qayd etilgan.
13-noyabr kuni ertalabga kelib yog‘ingarchilikning kuchi pasaya boshlagan. Shunga qaramay, Liguriyaning sharqiy qismida "to'q sariq" darajasidagi ob-havo ogohlantirishi mahalliy vaqt bilan soat 14:00 ga qadar amal qilgan. Mutasaddilar daryolar sathi va ko‘chki xavfi mavjud hududlarni kuzatishda davom etgan.








