AQShda tug‘ilish orqali fuqarolik olishga urinish: 6 mingdan ortiq viza bekor qilindi
AQSh Davlat departamenti tug‘ilish turizmini tashkil etishga aloqador shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish choralarini ko‘rmoqda.

AQSh Davlat departamenti tug‘ilish turizmida ishtirok etgan yoki uni tashkil etishga ko‘maklashgan xorijiy fuqarolarning 6 mingdan ortiq vizasini bekor qildi. Bu haqda idora X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Departament bayonotiga ko‘ra, tug‘ilish turizmining oldini olish bo‘yicha maxsus ishchi guruh ushbu amaliyotga aloqador shaxslarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rmoqda.
Tug‘ilish turizmi — xorijiy fuqarolarning farzandiga AQSh fuqaroligini olish maqsadida mamlakatga borib, u yerda tug‘ruqni amalga oshirishidir. AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatga farzandiga fuqarolik olish maqsadida tug‘ish uchun borish sayyohlik vizasini berish uchun maqbul asos hisoblanmaydi.
Tug‘ilish turizmining oldini olish bo‘yicha maxsus ishchi guruh 2026-yil 12-avgustda tashkil etilgan. U viza egalarining safarlari va faoliyatini o‘rganish, ushbu amaliyotga aloqador shaxslarning vizalarini bekor qilish hamda uni tashkil etuvchi tarmoqlarni aniqlash bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq, 31-oktyabr kuni Davlat departamenti tug‘ilish turizmi bilan bog‘liq 4 mingdan ortiq vizalar bekor qilinganini bildirgan edi. So‘nggi bayonotda esa bu ko‘rsatkich 6 mingdan oshgani ma’lum qilindi.








