Emlash darajasi pasaydi, kasallanish oshdi: AQSh qizamiqsiz mamlakat maqomidan ayrildi
2026-yil boshidan buyon mamlakatda 5 412 ta kasallanish holati qayd etilgan.

AQSH qizamiqni yo‘q qilgan mamlakat maqomini yo‘qotdi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Pan Amerika sog‘liqni saqlash tashkiloti AQShning mazkur maqomini bekor qilgan. Mamlakat bu maqomga 2000-yilda keng ko‘lamli emlash kampaniyalari natijasida erishgan edi. U virusning mamlakat hududida kamida 12 oy davomida uzluksiz tarqalishi kuzatilmaganda beriladi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida AQShda qizamiq epidemiyasi kuchayib, kasallanish ko‘rsatkichlari o‘nlab yillar davomida kuzatilmagan darajaga yetgan.
Pan Amerika sog‘liqni saqlash tashkilotining noyabr oyidagi hisobotida qayd etilishicha, kasallanish holatlarining 96 foizi emlanmagan yoki emlanganlik holati noma’lum bo‘lgan odamlarda aniqlangan.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining (CDC) 12-noyabr holatidagi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 5 412 ta qizamiq bilan kasallanish holati qayd etilgan. Ulardan yetti nafari Pensilvaniya shtatida vafot etgan. Bemorlarning 40 foizini 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi.
Taqqoslash uchun, 2025-yilda AQShda 2 289 ta qizamiq holati aniqlangan va kasallik oqibatida uch kishi vafot etgan.
Qizamiq tarqalishining kuchayishiga ta’sir qilgan omillardan biri bolalar orasida emlash darajasining pasayishi bo‘lishi mumkin. So‘nggi olti yil ichida bolalar bog‘chasiga boradigan bolalar orasida qizamiq, tepki va qizilchaga qarshi emlanganlar ulushi 95,2 foizdan 92,4 foizgacha kamaygan.








