Nurmagomedovning BAAda janjali qamoq bilan yakunlandi: jangchi olti oyga hukm qilindi
BAAda jangni videoga olgan ikki kishi ham olti oyga qamalib, 300 ming dirhamdan jarimaga tortildi.

Rossiyalik aralash yakkakurash ustasi Usmon Nurmagomedov Birlashgan Arab Amirliklarida sobiq UFC chempioni, gruziyalik Merab Dvalishvili bilan bog‘liq mushtlashuv ishi bo‘yicha olti oyga qamoq jazosiga hukm qilindi. Ish yuzasidan yana yetti nafar sudlanuvchiga ham turli jazolar tayinlandi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jami o‘n kishiga nisbatan sud hukmi chiqarilgan. Olti nafar sudlanuvchi jamoat tartibini buzish, vahima qo‘zg‘atish va boshqalarning hayotini xavf ostiga qo‘yishda aybdor deb topilgan. Ularga olti oylik qamoq jazosi, har biriga 300 ming dirham miqdorida jarima hamda jazoni o‘tagach, BAA hududidan deportatsiya qilish jazosi tayinlangan.
Jangni videoga olgan yana ikki kishi ham olti oylik qamoq va 300 ming dirham jarimaga hukm qilingan. Ular shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, shuningdek, internet orqali jang tasvirlarini suratga olish va tarqatishda aybdor deb topilgan.
Qolgan ikki sudlanuvchiga jamoat tartibini buzish va boshqalarning jismoniy daxlsizligiga tajovuz qilish ayblovlari bo‘yicha 50 ming dirhamdan jarima tayinlangan.
Dastlab voqeaning boshqa ishtirokchilari bilan birga ko‘rsatma berish uchun hibsga olingan Merab Dvalishvili esa ozod qilingan. Bu haqda Real American Freestyle (RAF) tashkiloti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, voqea 11-noyabr kuni sodir bo‘lgan. Mushtlashuv aks etgan videoda Usmon Nurmagomedov Dvalishviliga orqadan yaqinlashib, uning yuziga musht tushirgani ko‘rinadi. Shundan so‘ng mehmonxona foyesida jangchilar va ularning jamoalari o‘rtasida ommaviy janjal kelib chiqqan.








