Saudiya Arabistoniga raketa hujumi: husiylar ikkita ballistik raketa uchirdi
Husiylar Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroporti va Sharqiy-G‘arbiy neft quvuridagi nasos stansiyasiga ham hujum qilganini da’vo qilmoqda.

Yamandagi husiylar harakati Saudiya Arabistonining Jazon viloyatida joylashgan harbiy kuchlar to‘plangan hududlarga ikkita ballistik raketa uchirganini ma’lum qildi. Shuningdek, guruh Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroporti hamda Sharqiy-G‘arbiy neft quvuridagi nasos stansiyasiga ham hujum qilganini da’vo qilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Husiylarning bayonotiga ko‘ra, hujum 13-noyabr, juma kuni Saudiya Arabistonining Yaman bilan chegaradosh Jazon viloyatidagi al-Tuval hududida amalga oshirilgan.
Bu voqea Saudiya Arabistoni fuqaro muhofazasi xizmati viloyatda xavf o‘tganini ma’lum qilganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘lgan. Biroq husiylar hujumi avvalgi ogohlantirishlar bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligi hozircha aniq emas.
Guruh alohida bayonotida Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroporti va Saudiya Arabistonining Sharqiy-G‘arbiy neft quvuridagi nasos stansiyasini ham nishonga olganini aytgan. Saudiya Arabistoni bu da’volarni hozircha tasdiqlamagan.
Jazon viloyatida Saudiya Arabistonining Saudi Aramco kompaniyasiga tegishli, kuniga 400 ming barrel xom neftni qayta ishlash quvvatiga ega neftni qayta ishlash zavodi joylashgan. Mamlakatning Yaman bilan chegaradosh janubiy hududlari, jumladan, harbiy obyektlar va energetika infratuzilmasi avval ham husiylarning raketa va dron hujumlariga uchragan.








