AQSh Ukrainaga Donbassdan chiqib ketish evaziga NATOga a'zolikni taklif qildi — Zelenskiy
Ukraina prezidenti mamlakat o‘z hududlarini Rossiya tarkibiga qo‘shilgan deb tan olmasligini ta’kidladi.

AQSh Ukraina bilan muzokaralarda Donbassdan qo‘shinlarni olib chiqish va NATOga a’zo bo‘lish masalalarini o‘zaro bog‘liq holda ilk bor ko‘tardi. Bu haqda Volodimir Zelenskiy 14-noyabr kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Amerikaliklar: «Agar Ukraina NATOga qo‘shilsa, Ukraina Donbassni tark etadimi?» deb so‘rashdi. Bu birinchi marta sodir bo‘lmoqda”, — degan Zelenskiy.
Ukraina prezidenti mazkur savolni qaysi amerikalik muzokarachi berganiga aniqlik kiritmagan. Uning ta’kidlashicha, AQSh Ukrainaning NATOga a’zoligini tasdiqlagan taqdirda, bu masalani referendumga qo‘yishga tayyor. Biroq buning uchun taklifning aniq shartlari va tafsilotlari ma’lum bo‘lishi kerak.
Zelenskiy Ukraina o‘z hududlaridan voz kechmasligini va ularni Rossiya tarkibiga qo‘shilgan deb tan olmasligini yana bir bor ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb hamkorlari bilan keng qamrovli xavfsizlik paketi muhokama qilinmoqda. Unga NATO va Yevropa Ittifoqining aniq xavfsizlik kafolatlari, kuchli Ukraina armiyasi, shuningdek, muayyan davr uchun zarur miqdordagi harbiy xizmatchilar, qurol-yarog‘ va moliyaviy yordam kirishi mumkin.
Zelenskiy taklif qilinayotgan kelishuvning yana bir muhim qismi sifatida urushdan keyingi tiklanishni moliyalashtirish manbalarini belgilashi kerak bo‘lgan “Farovonlik rejasi”ni ham tilga olgan.
Ukraina qo‘shinlarini Donbassdan olib chiqish Rossiya prezidenti Vladimir Putinning urushni tugatish bo‘yicha asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Zelenskiy esa bunday chekinishga qarshi ekanini bir necha bor bildirgan.
Avvalroq AQSh prezidentining maxsus vakili Jared Kushner Abu-Dabidagi uch tomonlama muzokaralardan keyin hududiy masalalar eng murakkab masalalardan biri bo‘lib qolayotganini aytgan edi.
“The Economist” nashri manbalariga tayanib, amerikalik muzokarachilar Donetsk va Lugansk viloyatlari chegaralarini o‘zgartirish g‘oyasini ilgari surganini yozgan. Nashrga ko‘ra, bu taklif Rossiyaga mazkur hududlarni to‘liq egallaganini e’lon qilish, biroq Ukrainaga boshqa hududlarni bermaslik imkonini nazarda tutgan. Ukraina esa bu taklifni rad etgan.








