Turkiyada vertolyot qulab tushdi: to‘rt harbiy halok bo‘ldi
Hozirda harbiy vertolyotning qulash sabablari o‘rganilmoqda.

Turkiyaning sharqidagi Malatya viloyatida S-70 rusumli harbiy vertolyot halokatga uchradi. Hodisa oqibatida bortdagi to‘rt nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi.
Reuters xabariga ko‘ra, hodisa 12-noyabr kuni kechqurun Malatya viloyatining Yeshilyurt tumani Samanko‘y hududida, Turkiya havo kuchlari qo‘mondonlik bazasi yaqinida sodir bo‘lgan.
Vertolyot halokatga uchragani haqida xabar kelib tushgach, voqea joyiga favqulodda xizmatlar, jumladan, o‘t o‘chiruvchilar, politsiya, tibbiyot xodimlari va Tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) vakillari yuborilgan.
Turkiya Mudofaa vazirligi dastlab vertolyot qoldiqlari topilgani va qidiruv-qutqaruv ishlari boshlanganini bildirgan. Keyinchalik esa bortdagi to‘rt nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lganini tasdiqlagan.
Hozircha halokat sababi ma’lum qilinmagan. Hodisa yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.








