Japarovga yangi raqib: prezidentlik poygasiga yagona ayol nomzod qo‘shildi
Qirg‘izistonda prezidentlik lavozimiga da’vogarlar soni 11 nafarga yetdi.

Qirg‘iziston Oliy sudi Konstitutsiyaviy palatasining sobiq sudyasi Klara Sooronqulova 2027-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun o‘z nomzodini ilgari surdi. U saylovda ishtirok etish niyatini bildirgan nomzodlar orasida yagona ayol bo‘lib turibdi.
Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Sooronqulova 12-noyabr kuni o‘zini o‘zi ko‘rsatgan nomzod sifatida prezidentlikka nomzodini qo‘yish haqida ariza topshirgan.
Shu tariqa, prezidentlik lavozimiga da’vogarlar soni 11 nafarga yetgan. Nomzodlarni ko‘rsatish uchun hujjat topshirish muddati 12-noyabr kuni yakunlangan.
57 yoshli Klara Sooronqulova 2010–2011-yillarda Markaziy saylov komissiyasida, 2011–2015-yillarda esa Oliy sud Konstitutsiyaviy palatasida sudya sifatida faoliyat yuritgan.
U 2020-yilda parlament saylovlarida qatnashgan «Reforma» siyosiy partiyasiga rahbarlik qilgan. Sooronqulova 2021-yil 10-yanvarda o‘tkazilgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida ham ishtirok etib, 14 005 ta ovoz to‘plagan. Bu ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning qariyb 1 foizini tashkil etgan.
Qirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2027-yil 27-yanvarga belgilangan. Saylovda amaldagi prezident Sadir Japarov hamda boshqa siyosiy arboblar ishtirok etish niyatini bildirgan.








