Korrupsiya mojarosi: Qozog‘iston Prezidenti Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarini almashtirdi
Bu qaror yirik davlat kompaniyalari rahbarlari korrupsiyaga oid gumonlar bilan hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib qabul qilindi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Yermek Sagimbayevni Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) raisi lavozimidan ozod etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmatiga tayanib, Qazinform xabar berdi.
Davlat rahbarining boshqa farmoni bilan MXQ raisi o‘rinbosari Marat Irmenov qo‘mita rahbari etib tayinlandi.
Sagimbayev 2022-yil yanvaridan buyon ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelayotgan edi. U 2026-yil avgustida qayta tayinlangan. Irmenov esa 2025-yil oktabridan MXQ raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Rahbariyatdagi o‘zgarish Qozog‘istondagi yirik davlat kompaniyalari rahbarlarining korrupsiyaga oid gumonlar bilan hibsga olinishi ortidan yuz berdi. Avvalroq MXQ davlatga qarashli «Samruk-Kazyna» jamg‘armasi boshqaruvi raisi Nurlan Jakupov hamda «Qozog‘iston temir yo‘li» kompaniyasi rahbari Eljas Otinshiyev va boshqa shaxslar hibsga olinganini ma’lum qilgan edi. Ularga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etish gumoni bilan tergov harakatlari olib borilmoqda.
13-noyabr kuni Toqayev MXQning o‘sha vaqtdagi raisi Sagimbayev bilan uchrashib, idora faoliyati, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash masalalarini muhokama qilgan edi. Uchrashuvdan so‘ng prezident milliy xavfsizlik organlari faoliyatiga oid bir qator topshiriqlar bergan.








