O‘zbek ayvonlari Vashingtonda: Shavkat Mirziyoyevning Trampga sovg‘asi o‘rnatildi
Ayvonlar O‘zbekiston Prezidenti tomonidan AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan Donald Tramp va Amerika xalqiga sovg‘a qilingan edi.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan Prezident Donald Tramp va Amerika xalqiga taqdim etilgan an’anaviy o‘zbek ayvonlari Vashingtondagi tarixiy West Potomac Park hududiga o‘rnatildi.
Bu haqda O‘zbekistonning AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Sidiqov ma’lum qildi.
Elchining ta’kidlashicha, o‘zbek milliy me’morchiligi va hunarmandchiligining betakror namunalariga aylangan ayvonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik ramzi bo‘lib xizmat qiladi.
Ayvonlar dunyoning turli hududlaridan keladigan sayyohlar uchun o‘zbek madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishish maskaniga aylanishi kutilmoqda. Shuningdek, ular AQSHdagi o‘zbek diasporasi uchun milliy an’analarni asrab-avaylash va madaniy tadbirlar o‘tkazish joyi bo‘lib xizmat qiladi.
Elchi marosim vaqtida Prezident Donald Tramp vertolyotining bog‘ uzra parvoz qilishi voqeaga o‘zgacha ramziy ma’no bag‘ishlaganini qayd etdi.








