10 dan ortiq bola: Namanganda uyida noqonuiy hujra tashkil qilgan shaxs ushlandi
U bolalarga diniy saboq berib kelgan va har bir bola uchun oyiga 100 dollar olgan.

Namangan viloyatining Yangi Namangan tumanida o‘z uyida noqonuniy diniy maktab tashkil etib, 12 nafar voyaga yetmagan bolaga saboq bergan shaxs aniqlandi.
Viloyat IIB matbuot xizmatining xabar berishicha, holat “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Ichki ishlar boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, 1988-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z xonadonida sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilmagan holda noqonuniy hujra tashkil etib, bolalarga diniy saboq berib kelgan.
Aniqlangan 12 nafar bolaning bir nafari Samarqand viloyatidan, uch nafari Namangan viloyatidan, sakkiz nafari esa Tojikiston Respublikasidan bo‘lgan.
Gumonlanuvchi har bir bolaning diniy ta’lim olishi uchun oyiga 100 AQSH dollaridan haq olgan.
Holat yuzasidan Yangi Namangan tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 229-2-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.








