Filtrlar o‘rnatilmagan, chiqindilar nazorat qilinmagan: Toshkentdagi korxonada qoidabuzarliklar aniqlandi
Hozirda korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turish masalasida sudga murojaat qilish uchun hujjatlar tayyorlanmoqda.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiya xodimlari fuqarolar murojaatlari asosida RP MChJ faoliyatini tekshirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, korxona qayta ishlangan materiallardan polietilen granulalar ishlab chiqaradi. Tekshiruv davomida uning faoliyatida atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha qator talablar buzilgani aniqlangan.
Xususan, korxona ifloslantiruvchi moddalar chiqindilarini ixtisoslashtirilgan laboratoriya yordamida muntazam monitoring qilib bormagan. Shuningdek, chang va gazni tozalash uskunalari o‘rnatilmagan hamda ekologik ekspertiza talablariga rioya qilinmagan.
Tekshiruv jarayonida havodan namunalar olinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazilgan. Natijalarga ko‘ra, havodagi azot dioksidi va chang miqdori belgilangan me’yorlardan oshib ketgan.
Bundan tashqari, korxonada chiqindilarni vaqtincha saqlash uchun maxsus idishlar mavjud emasligi aniqlangan.
Qayd etilishicha, korxona «Atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risida», «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida» hamda «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunlar talablarini buzgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan korxonaga atmosfera havosini ifloslantirgani uchun qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblangan. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, tegishli materiallar sudga yuborilgan. Shuningdek, qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha besh banddan iborat majburiy ko‘rsatma berilgan.
Hozirda korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turish masalasida sudga murojaat qilish uchun hujjatlar tayyorlanmoqda.








