Tojikistonda elektr uzatish ustuni quladi: Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida elektr cheklanadi
Noqulay ob-havo elektr uzatish tarmog‘i tayanchlaridan birining qulashiga sabab bo‘ldi.

19-noyabr kuni soat 06:19 da Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasidan Farg‘ona vodiysi viloyatlariga elektr energiyasi yetkazib beruvchi, Tojikiston hududidan o‘tuvchi 500 kV kuchlanishli “L-503” elektr uzatish tarmog‘ida noqulay ob-havo sabab avariyaviy uzilish yuz berdi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noqulay ob-havo ta’sirida murakkab relyefli adirlik hududida joylashgan elektr uzatish tarmog‘i tayanchlaridan biri qulagan. Natijada avtomatik himoya tizimi ishga tushib, mazkur tarmoq orqali elektr energiyasi uzatish vaqtincha to‘xtagan. Oqibatda ayrim iste’molchilarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.
Ayni paytda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ mutaxassislari va avariya-tiklash brigadalari hodisa joyiga safarbar etilgan. Tojikistonning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda avariya oqibatlarini bartaraf etish va elektr uzatish tarmog‘i faoliyatini tiklash ishlari olib borilmoqda.
Ta’mirlash-tiklash ishlari yakunlangunga qadar Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Farg‘ona vodiysiga elektr energiyasi boshqa tarmoqlar orqali ham yetkazib beriladi. Xususan, Farg‘ona viloyatiga Toshkent viloyatidagi “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyasidan chiquvchi 500 kV kuchlanishli “L-524” tarmog‘i orqali ham elektr uzatiladi.
Vaziyat Energetika vazirligining doimiy nazoratida. Elektr ta’minotidagi uzilishlarni imkon qadar qisqa muddatda bartaraf etish va iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Tiklash ishlari va elektr ta’minotidagi o‘zgarishlar haqida qo‘shimcha axborot berib boriladi.








