O'zbekiston

Banknotlardagi yozuvlar davlat tilida bo‘lishi shart: pul belgilariga oid yangi talablar

O‘zbekistonda pul belgilaridagi yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi belgilandi.

Banknotlardagi yozuvlar davlat tilida bo‘lishi shart: pul belgilariga oid yangi talablar

 

Yangi yo‘riqnomaga ko‘ra, banknotlarda ularning seriyasi va raqami, nominal qiymatining yozuv bilan ifodasi, barcha turdagi to‘lovlar uchun qabul qilinishi majburiyligi hamda qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi yozuvlar bo‘lishi kerak.

 

Pul belgilarining dizaynida O‘zbekiston tarixi, milliy madaniyati, qadriyatlari, buyuk allomalar va mamlakat yutuqlarini aks ettiruvchi tasvirlardan foydalaniladi.

 

Pul belgilaridagi barcha yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yoziladi.

 

Shuningdek, ular inson salomatligi uchun xavfsiz xomashyolardan tayyorlanishi va zamonaviy himoya elementlariga ega bo‘lishi lozim.

 

Yo‘riqnomada aholining va tadbirkorlarning naqd pul olish huquqi ham kafolatlangan. Unga ko‘ra, banklar fuqarolar hamda tadbirkorlarning hisobvaraqlaridagi mablag‘lar doirasida naqd pul olish bo‘yicha talablarini birinchi talab bilan uzluksiz qondirishi shart.

 

Bundan tashqari, banklar muomaladagi naqd pullarni nominal qiymati bo‘yicha moneliksiz qabul qilishi kerak.

 

Bankomatlarda naqd pul yetarli bo‘lishi uchun banklar mijozlarning naqd pulga bo‘lgan ehtiyoji va bankomatlardagi pul aylanmasini muntazam tahlil qilib boradi. Naqd pul yetishmasligi kutilgan holatlarda esa qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish choralarini ko‘radi.

 

Yana bir muhim jihat — Markaziy bank va tijorat banklari talabga ko‘ra, bir nominaldagi pul belgilarini boshqa nominaldagilariga hech qanday to‘lov yoki vositachilik haqisiz ayirboshlab beradi.

 

Yangi banknota va tangalar muomalaga chiqarilishidan kamida bir hafta oldin bu haqda aholi xabardor qilinadi.