Korrupsioner amaldorlar ogohlantirildi: hech kim javobgarlikdan qochib qutulmaydi
Korrupsiyani davlatga bo‘lgan ishonchni pasaytiruvchi va mamlakat rivojiga to‘sqinlik qiluvchi omil ekanligi ta'kidlandi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev korrupsiyaga aralashgan amaldorlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish kerakligini ta’kidladi. Uning aytishicha, hech kim qonuniy javobgarlikdan qochib qutulmasligi lozim.
Davlat rahbari bu haqda Ostonada universitetlar va ilmiy hamjamiyat vakillari ishtirokida o‘tkazilgan III Strategik sheriklar forumida so‘zlagan nutqida ma’lum qilgan.
Toqayev korrupsiya davlatga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini pasaytirishi, mamlakatning sifatli rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi va amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini yo‘qqa chiqarishi mumkinligini qayd etgan.
“Biz korrupsiyaga botgan amaldorlarga nisbatan yumshoq munosabatda bo‘lmasligimiz kerak, chunki bu davlat kelajagi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, — degan prezident.
U o‘z pozitsiyasi o‘zgarmasligini ta’kidlab, qonun hamma uchun bir xil ekanini bildirgan. Toqayevning fikricha, bu islohotlar va o‘zgarishlarning ortga qaytmasligini ta’minlash hamda fuqarolar ishonchini oqlashning yagona yo‘lidir.
Shundan so‘ng Toqayev davlat kompaniyalaridagi korrupsiya holatlari jiddiy muammo ekanini qayd etib, bunday qonunbuzarliklarni kamaytirish rejasini ishlab chiqish vazifasini topshirgan. Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbariyati almashtirilgan, Ichki ishlar vazirligi rahbariga esa tanbeh berilgan.







