Mahalliy qurilish materiallari qo‘llab-quvvatlanadi: 200 mln dollarlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi
Prezident 31 ta loyiha institutining faoliyatini zamon talablariga moslashtirish, ularga zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or yechimlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi.

Yangi Toshkentdagi qurilishlarni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash va mahalliy qurilish materiallarining raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi.
Yangi Toshkentda yirik qurilish ishlarini amalga oshirayotgan developerlarning aylanma mablag‘ga ehtiyojini qoplash uchun o‘n kun ichida 200 million dollarlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi. Ushbu mablag‘lar faqat mahalliy qurilish materiallarini xarid qilishga yo‘naltiriladi.
Uchrashuvda mahalliy korxonalar sifat ko‘rsatkichlari tekshirilmagan arzon import mahsulotlari bilan raqobatlashayotgani, biroq ularning mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun laboratoriyalar yetishmasligi qayd etildi.
Aholini sifatsiz va salomatlik uchun xavfli mahsulotlardan himoya qilish maqsadida Toshkent shahri, Farg‘ona va Samarqandda uchta zamonaviy laboratoriya tashkil etiladi. Mutasaddilarga bir oy muddatda laboratoriyalar joylashuvini aniqlash va ularni kelasi yil ishga tushirish topshirildi.
Prezident yangi qurilish materiallari va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish masalasiga ham to‘xtaldi.
Uchrashuv oldidan namoyish etilgan ko‘rgazmada mahalliy korxonalarning innovatsion mahsulotlari taqdim qilindi. Jumladan, “beton gilam” deb ataluvchi gidroizolyatsiya materiali kanallarni an’anaviy betonlashga nisbatan ikki barobar tez va 30 foiz arzon qurish imkonini beradi.
“Bizdagi 31 ta loyiha instituti dunyoqarashini o‘zgartirishi, zamonga moslashishi kerak”, — dedi davlat rahbari.
Shuningdek, Prezident uchrashuvda qatnashayotgan investorlar ushbu institutlarni boshqaruvga olib, ularga zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or yechimlarni olib kirish bo‘yicha takliflar bilan chiqsa, ularni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.








