Toshkentda havo sifati o‘zgaradi: kechasi ayrim soatlarda "nosog‘lom" darajaga yetishi mumkin
21-noyabr kuni ertalab AQI bo‘yicha “o‘rtacha” daraja qayd etilishi kutilmoqda.

21-noyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahrida havo sifati biroz o‘zgarishi, ayrim soatlarda esa sezgir guruhlar uchun nosog‘lom darajaga yetishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha kechki soatlarda havo sifati dastlab “o‘rtacha”, soat 20:00 dan 22:00 gacha esa “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom” darajada bo‘lishi mumkin. Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha dastlab “sariq”, keyinchalik esa “yashil” daraja kuzatilishi prognoz qilinmoqda.
Havo sifatining yomonlashishiga haroratning pasayishi, kuchsiz shamol va kuchli harorat inversiyasi ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday sharoit mahalliy va qo‘shni hududlarda hosil bo‘lgan tashlamalar hamda PM zarrachalarining tarqalishini cheklab, ularning yer yuzasiga yaqin havo qatlamida to‘planib qolishiga sabab bo‘ladi.
Prognozlarga ko‘ra, soat 23:00 dan keyin havo sifati yaxshilanadi. 21-noyabr kuni ertalab AQI bo‘yicha “o‘rtacha”, milliy indeks bo‘yicha esa “yashil” daraja kutilmoqda.








