“BBB-” darajasiga erishish uchun bir pog‘ona qoldi — Saida Mirziyoyeva
O‘zbekistonning suveren kredit reytingi “barqaror” prognoz bilan “BB+” darajasiga ko‘tarildi.

“S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “barqaror” prognoz bilan “BB+” darajasiga ko‘tardi. Bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, endilikda investitsiyaviy reyting darajasi — “BBB-” pog‘onasiga erishish uchun bir qadam qoldi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mazkur natijani tizimli iqtisodiy islohotlar, muvozanatli moliya siyosati hamda davlat rahbarining uzoq muddatli strategik yondashuvi samarasi sifatida baholadi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning ijobiy natijalarini xalqaro agentlikka taqdim etish jarayonida ishchi guruh tomonidan olib borilgan tezkor va ochiq tahliliy muloqotlar ham “S&P” tomonidan alohida e’tirof etilgan.
Saida Mirziyoyeva mamlakatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish yo‘lidagi ishlar izchil davom ettirilishini bildirdi.








