Jahon

Ibiza yaqinida 7 ming tonna dizel yoqilg‘isi ortilgan kema cho‘kdi: bir kishi halok bo‘ldi

Rasmiylar yoqilg‘ining dengizga to‘kilishi va atrof-muhitga zarar yetishi mumkinligidan xavotirda.

Ibiza yaqinida 7 ming tonna dizel yoqilg‘isi ortilgan kema cho‘kdi: bir kishi halok bo‘ldi

Ispaniyaning Ibiza oroli yaqinida 7 ming tonnaga yaqin dizel yoqilg‘isi tashiyotgan Med Emre kemasi cho‘kib ketdi. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, ekipajning 16 nafar a’zosi qutqarildi. Ayni paytda rasmiylar yoqilg‘ining dengizga sizib chiqishi va ekologik zarar yuzaga kelishidan xavotirda.

 

Halokat payshanbaga o‘tar kechasi O‘rta yer dengizida, Ibiza orolidan 25–30 dengiz mili shimolda sodir bo‘lgan. Bu haqda Balear orollari favqulodda xizmatlari ma’lum qildi.

 

Balear orollari hukumati Favqulodda vaziyatlar va ichki ishlar boshqarmasi rahbari Pablo Garrísning aytishicha, hodisa haqida xabar mahalliy vaqt bilan soat 01:20 atrofida olingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kema korpusida teshik paydo bo‘lib, ichkariga suv kira boshlagan. Oqibatda kema cho‘kib ketgan.

 

Qutqaruv operatsiyasiga Ispaniya dengiz qutqaruv xizmati, jumladan, dengiz va aviatsiya kuchlari jalb etilgan. Yaqin atrofdagi bir nechta kema ham yordam ko‘rsatgan.

 

Qutqarilgan 17 nafar ekipaj a’zosidan olti nafari Ibiza aeroportiga, yana biri Can Misses shifoxonasiga olib borilgan. Keyinchalik shifoxonada uning vafot etgani tasdiqlangan.

 

Halokatdan so‘ng dengiz muhitining ifloslanishiga qarshi kurash bo‘yicha Milliy rejaning ikkinchi darajadagi tayyorgarlik bosqichi faollashtirilgan. Shuningdek, Balear orollari hukumati PLATERBAL mintaqaviy fuqarolik muhofazasi rejasini nol darajada ishga tushirgan.

 

Hozirda mutaxassislar ehtimoliy ekologik zarar ko‘lamini baholamoqda. Tekshiruv natijalariga qarab, qo‘shimcha choralar ko‘rish masalasi hal qilinadi.