Yonilg‘i tashuvchi sisterna ag‘darilishi oqibatida 31 kishi halok bo‘ldi
Hodisa oqibatida 21 kishi jarohatlandi, 27 ta avtomobil va mototsiklga zarar yetdi.

Misrning Giza viloyatida yonilg‘i tashuvchi sisternaning ag‘darilishi oqibatida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa natijasida kamida 31 kishi halok bo‘lgan, 21 kishi jarohatlangan.
Fojia 25-noyabr kuni Qohirani aylanib o‘tuvchi halqa yo‘lning Al-Varroq hududida, 10-tunnel yaqinida sodir bo‘lgan. Sisterna ag‘darilgach, undan to‘kilgan yonilg‘i alangalanib, yong‘in yo‘lda harakatlanayotgan transport vositalariga ham tarqalgan. Oqibatda 27 ta avtomobil va mototsikl yongan.
Qutqaruv ishlariga 39 ta tez yordam mashinasi jalb qilingan. Jarohatlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan. Ayrim qurbonlarning shaxsini aniqlash maqsadida DNK tahlillari o‘tkazilmoqda.
Hozirda hodisa sabablari o‘rganilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sisterna haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Biroq avariyaning aniq sabablari tergov natijalariga ko‘ra belgilanadi.








