Ispaniyaning Barselona shahrida haydovchisiz avtobus ilk bor sinovdan o‘tkazildi. “Kelajak avtobusi” deb nomlangan ushbu transport vositasi shahar markazida 2,2 km masofani bosib o‘tib, o‘zining avtonom harakatlanish imkoniyatlarini namoyish etdi.
Mazkur avtobus ilg‘or sun’iy intellekt va sensor tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, u yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish, to‘xtash joylarini aniqlash va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash qobiliyatiga ega. Sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, Barselona shahrida bunday avtobuslar muntazam qatnovga chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Loyiha muhandislari haydovchisiz avtobuslar shahar transport tizimini yanada samarali va ekologik toza qilishiga umid qilmoqda. Bunday transport vositalari tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportidan foydalanishni qulaylashtirishga yordam berishi mumkin.


