Maʼlum bo‘lishicha, fuqarolar Sh. I., M.A., J.O. va N.U. fuqaro M.dan Qirg‘izistondagi O‘sh davlat universitetida tahsil olayotgan 30 nafar talabaning o‘qishini O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalariga ko‘chirib berishni vaʼda qilgan. Ular bu xizmati uchun 67 ming dollar olayotganida DXX va prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Holatni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmalari nazoratiga olgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Koreyaga o‘qishga yuborishni vaʼda qilgan firibgarning hiylasi ish bermagani hamda Buxoroda tibbiyot kollejiga 400 dollar evaziga o‘qishga kiritishni vaʼda qilgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.


