Uning fikricha, mazkur tadbir bir qator savollarni keltirib chiqaradi.
“Birinchidan, isteʼmolchiga kompaniya yarimoʻtkazgich topa oldimi-yo‘qmi qizig‘i yo‘q. U haqini to‘lagan, vassalom.
Kompaniya nega boshqa mamlakatlar avtomobil sanoatiga o‘xshab, avval avtomobilni ishlab chiqarib, keyin sotuvga chiqarmayapti? Nega yo‘q narsaga oldindan pul oladi?
Ikkinchidan, kompaniyaning isteʼmolchiga ko‘rsatmagan xizmat yoki bermagan tovari uchun oldindan haq to‘lab ishlashi halol va qonuniymi?
Uchinchidan, kompaniya nuqsonli tovar bergani yoki isteʼmolchiga vaqtida tovarni bermagani uchun neustoyka(penya) ham to‘lashi kerak. Buning hisob-kitobi bormi?” – deya savollarni o‘rtaga tashlagan deputat.
Kusherbayev postining shu joyida bir nechta qonun moddalarini keltirib o‘tgan.
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasida “Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat ko‘rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi isteʼmolchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan bo‘lsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatining (agar uning qiymati alohida belgilanmagan bo‘lsa) bir foizi miqdorida "neustoyka" (penya) to‘laydi”, degan norma bor.”
Oddiy aytganda, kimdir 100 million so‘mlik avtomobilga pul to‘ladi-yu, avtomobil aytilgan komplektasiyada bo‘lmasa yoki vaqtida haridorga yetkazib berilmasa, har o‘tkazib yuborilgan kun uchun unga 1 million dan pul to‘lanadi. Agar 100 kun kechiksa 100 mln to‘laydi, – deydi Kusherbayev.
“Aytgancha, shu qonun normasini kompaniyaga yangi kelgan horijlik bosh direktorgayam bildirib qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ayni holatni o‘rganib, isteʼmolchilarni himoya qilish masalasida rasman so‘rov kiritdik.
Isteʼmolchilarga nisbatan bunday kamsituvchi munosabat uchun Agentlikdan keskin chora kutib qolamiz. Sudlar ham bu safar isteʼmolchi huquqiga ko‘z yummas. Zero, O‘zbekiston — huquqiy davlat!” – deya fikrlarini xulosalagan deputat.
Avvalroq “O‘zbeklar nega o‘z mashinasini minolmayapti?” — deputat Kusherbayev mavzuga eʼtibor qaratgani, “UzAuto Motors” maʼlumotni noto‘g‘ri talqin qiladiganlarga munosabat bildirgani hamda “Chevrolet” brendi avtomobillarining chet eldagi narxlari haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


