JAVOB:
Amaliyotchi yurist Saidali Muxtoraliyevning taʼkidlashicha, haqiqatdan ham, shaxslarga nisbatan sudlanganlik yoki sudlanmaganlik holati qo‘llaniladi. Sudlangan shaxslarga nisbatan ayrim qonunchilik hujjatlarida baʼzi bir taʼqiq va cheklovlar o‘rnatilgan.
“Shu jihatdan bu jiddiy masala hisoblanadi”, — deydi mutaxassis.
Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Shuningdek, sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi.
Jinoyat Kodeksi. 77-modda.
Amaliyotchi yurist Muxtoraliyevning fikriga ko‘ra, yuqorida berilgan savolga sudlanganlik muddatining o‘tib ketishi va sudlanganlik holatining bekor bo‘lishi tushunchalari to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, mutaxassis JK 78-moddasini misol qilib keltirar ekan, mazkur moddada shaxsning sudlanganlik holati qaysi paytlarda tugallanishi haqida aytilganligini taʼkidlaydi:
a) shartli hukm qilinganlarga nisbatan — sinov muddati tugagan kundan boshlab;
b) majburiy jamoat ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish tarzidagi jazolarini o‘tab chiqqach;
v) jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o‘talganidan keyin bir yil o‘tgach;
g) ozodlikni cheklash jazosi o‘talganidan keyin — ikki yil o‘tgach;
d) besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — to‘rt yil o‘tgach;
ye) besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — yetti yil o‘tgach;
j) o‘n yildan ortiq, lekin o‘n besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — o‘n yil o‘tgach.
“Siz aytgan vaziyatda JK 78-moddasining V-bandiga ko‘ra, o‘g‘lingizga nisbatan chiqarilgan sud hukmi bo‘yicha belgilangan jarima summasi davlatga to‘langan kundan boshlab, 1 yil o‘tgach, uning sudlanganlik holati bekor bo‘ladi”, - deydi Saidali Muxtoraliyev.
Yaʼni, mutaxassisning aytishicha, jinoiy jarima 2020-yil yanvar-fevral oylarida to‘langan bo‘lsa, demak, murojaatchining “sudlanganlik” holati shu yil boshida (2021-yilning yanvar-fevral oylarida) tugab bo‘lgan. Shunga ko‘ra, u ayni vaqtda sudlanmagan maqomida bo‘lib turibdi.
Avvalroq tushuntirish xatida nima deb yozish xodimning ixtiyoriga bog‘liqligi hamda yo‘ldan topib olgan narsangizni egasiga qaytarilmasa maʼmuriy jazoga tortilish ehtimoli borligi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


