Xitoyda qishki olimpiya o‘yinlari boshlanishiga 18 kun qolganda ilk bor koronavirusning “Omicron” shtammi aniqlandi.
Xitoyda chop etiladigan "The Global Times" gazetasining xabariga ko‘ra, Pekin yaqinidagi Xaydyan shahrida qishki olimpiya o‘yinlariga aloqador shaxsda koronavirusning o‘ta yuquvchan varianti aniqlangan. Shanxay va Guandun provinsiyalarida ham kecha 15-yanvar kuni “Omicron” bilan kasallanish holatlari qayd etilgan. Sog‘liqni saqlash komissiyasi ushbu hududlarda “Omicron”ning keng tarqalishi ehtimoli yuqoriligi haqida ogohlantirgan.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Pekin—2022 ishtirokchilarini “Omicron” butun dunyo bo‘ylab tarqalayotgani sababli “o‘z vaqtida ehtiyot bo‘lish” haqida ogohlantirdi va barchadan safar oldidan besh kun davomida “olomon joylardan saqlanishni” so‘ramoqda.
COVID-19 ga qarshi to‘liq emlanganlarning barchasi Xitoyga kelgandan so‘ng 21 kun davomida karantinda bo‘lishlar shart bo‘lmaydi. Faqat har kuni testdan o‘tkazilib turiladi, deyiladi The Global Times xabarida.


