Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amaldagi tinchlik bitimi loyihasida AQSh tomonidan 15 yilga mo‘ljallangan xavfsizlik kafolatlari nazarda tutilganini, biroq Kiyev bu muddatni 50 yilgacha uzaytirishni istayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “Politico” nashri xabar qildi.
Zelenskiyning aytishicha, yakshanba kuni Florida shtatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga kuchli xavfsizlik kafolatlari berilishini tasdiqlagan. Har ikki yetakchi Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha tinchlik kelishuvi arafasida turganliklariga ishonch bildirgan.
“Kecha biz buni (Tramp bilan) yana bir bor tasdiqladik — AQSh tomonidan kuchli xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘lamiz. To‘g‘ri, hozircha bu kafolatlar abadiy emas. Hujjatlarda u 15 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, keyinchalik uzaytirish imkoniyati mavjud”, — dedi Zelenskiy.
U shuningdek, bu masalani Tramp bilan shaxsan ko‘targanini aytdi:
“Men prezidentga aytdim: biz allaqachon urushdamiz va bu deyarli 15 yildan beri davom etmoqda. Shuning uchun men kafolatlar ancha uzoq muddatli bo‘lishini istadim. 30, 40, hatto 50 yil variantlarini ko‘rib chiqishni so‘radim”, — dedi Ukraina yetakchisi.
Xavfsizlik kafolatlarining aniq shakli hozircha ochiqlanmagan. Biroq AQSh tomoni ularni NATOning 5-moddasiga o‘xshash mexanizm asosida tashkil etilishi mumkinligini bildirgan. Zelenskiy esa, agar bu kafolatlar AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlansa va Yevropa ittifoqchilari tomonidan ham mustahkamlanadigan bo‘lsa, ular ishonchli bo‘lishiga ishonishini aytdi.
“Xalqaro qo‘shinlarning mavjudligi — bu real xavfsizlik kafolatidir. Bu bizning hamkorlarimiz taklif qilayotgan xavfsizlik choralarini yanada kuchaytiradi”, — dedi Zelenskiy.
U shuningdek, 20 banddan iborat tinchlik rejasi Ukrainada referendum orqali qo‘llab-quvvatlanishi kerakligini, biroq buning uchun kamida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini ta’kidladi. Uning aytishicha, Rossiya bunga rozi emas. Shanba kuni Rossiya Kiyevga so‘nggi haftalardagi eng kuchli hujumlardan birini amalga oshirdi.
Shu bilan birga, bir qator masalalarda kelishmovchilik saqlanib qolmoqda. Jumladan, Donbas taqdiri masalasida. Zelenskiy bu hududni demilitarizatsiya qilingan erkin iqtisodiy zonaga aylantirishni taklif qilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Donbasning butun hududini Rossiya nazoratiga olish tarafdori.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov dushanba kuni Ukraina “jangovar harakatlarni to‘xtatish uchun Donbasni tark etishi shart”, degan pozitsiyani yana bir bor takrorladi. Shu bilan birga, Kiyevdan Xerson va Zaporojye viloyatlaridan ham chiqib ketish talab qilinadimi-yo‘qmi, degan savolga izoh bermadi.
Peskov, shuningdek, Moskva Trampning “urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichga yaqinlashdi” degan bahosiga qo‘shilishini bildirdi va Putin yaqin vaqt ichida Tramp bilan yana bir bor telefon orqali muloqot qilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.


