Jamiyat

Avtobuslar kimga xizmat qiladi?

Bir necha kun avval Toshkent ko‘chalarida bir-biri bilan “quvlashmachoq” o‘ynayotgan avtobuslar aks etgan videotasvir ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.  “Shovvoz” haydovchilar tezda o‘z qilmishiga yarasha jazosini oldi. Toshkent shahar, Yashnobod tumani Maʼmuriy sudining joriy yil 11 dekabr kunidagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 128- va 134 – moddalarida nazarda tutilgan xuquqbuzarliklarni sodir etganliklari uchun har ikki haydovchiga nisbatan transport vositasini boshqarish xuquqidan bir yil muddatga mahrum etish jazosi tayinlangan.

Avtobuslar kimga xizmat qiladi?

Huquqbuzarlar jazosini oldi. Ammo muammo shu bilan barham topdi, deyishga hali erta. Xuddi shu holat boshqa joylarda ham bo‘lmaydi, deb ayta olamizmi? Afsuski, “uchar”avtobus haydovchilarini boshqa joylarda ham kuzatish mumkin. Xususan, bugun biz Samarqand shahrida yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanayotgan avtobuslar haqida fikr yuritmoqchimiz.

KIM TEZROQ, KIM BALANDROQ...

Mabodo siz shaharga mehmon sifatida tashrif buyursangiz  va kerakli manzilga yetib olish uchun Samarqand shahridagi turli yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanadigan avtobusga chiqmoqchi bo‘lsangiz, eng avvalo asablaringiz mustahkam bo‘lishi lozim. Bekatda avtobusingiz kelishini kutib turarkansiz,  baqirov ovozdan cho‘chib tushishingiz tabiiy. Avtobus konduktori quloqni qomatga keltirgudek ovoz bilan bekatda  avtobus kutib turgan yo‘lovchilarning diqqatini o‘ziga tortmoqchi bo‘ladi. Hatto boshqa yo‘nalishli avtobusga chiqmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilarni ham o‘zining avtobusiga chiqishga undaydi. Bu hol chetdan kuzatgan odamga juda xunuk ko‘rinadi. Samarqandga tashrif buyurgan sayyohlar  bu holatni ko‘rib miyig‘ida kulib ketsa, aslo ajablanmaymiz.

Bu ham mayli. Yo‘lovchilar ko‘p to‘planadigan bekatlarda avtobuslar uzoq vaqt qolib ketadi. Maqsad bitta – ko‘proq yo‘lovchini avtobusga  chiqarish. Buning uchun konduktoru haydovchilar bor “mahoratlarini” ishga solishadi. Hatto bir-biri bilan dahanaki aytishuvga ham borishadi. Yo‘lovchi avtobusning yurishini  kutib diqqati oshgani yetmaganidek, haydovchilarning “jangi”dan ham asablari buziladi. Yo‘lovchilar avtobusning yurishini kutib, manzilga kech qolayotgani haydovchilarning parvoyiga ham kelmaydi.

Bu hol faqatgina bekatda qolib ketsaku, mayli edi. Ammo bir  yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan avtobuslar  poyga  o‘ynashi odatiy hol bo‘lib qolgan. Navbatdagi bekatga “raqibi”dan oldinroq yetib borish,  u yerda avtobus kutib turgan yo‘lovchilarni olish uchun haydovchilar avtobusni shu qadar tez haydaydiki, yo‘lovchilarning xavfsizligi ular uchun ahamiyatsizdek. Hatto avtobusni shartta to‘xtatib, katta yo‘l o‘rtasida bir-biri bilan tortishuviga guvoh bo‘lish mumkin. Bu haqda matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda  ko‘p bora yozildi, ammo natija hamon o‘sha-o‘sha.

TOMA –TOMA KO‘L BO‘LUR...(MI?!)

Samarqandda jamoat transportidan foydalanish narxi 1400 so‘m qilib belgilangan. Mabodo siz ko‘proq miqdorda pul bersangizu,  konduktor qaytimini qaytarmasa, ajablanmang qo‘ya qoling. Bu holga samarqandliklar allaqachon ko‘nikib ketishgan. Aytaylik, siz 2000 ming so‘m pul uzatdingiz, konduktor esa sizga 500 so‘m qaytaradi. “Insofini bo‘ri yeb qo‘yganlar” esa tig‘iz paytligini bahona qilib, qaytim yo‘qligini aytadi va  yo‘lovchining haqini bermay qo‘ya qoladi.  Nega qaytim bermayotganining sababini esa “mayda pul yo‘q”ligi bilan izohlashadi. Bu hol samarqandliklarning ijtimoiy tarmoqdagi segmentida  noroziliklarga sabab bo‘lsada, haligacha chora ko‘rilgani yo‘q. Konduktorlar va haydovchilar o‘zim xon, ko‘lankam maydon qabilida ish tutib, yo‘lovchilarning isteʼmolchilik huquqini mensimaydi. Boz ustiga, yo‘lovchilarga yo‘l pattasi ham berilmasligi sir emas. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: yo‘lovchilarga berilmay qolgan qaytimlar kimning cho‘ntagini qappaytiryapti? Bu haqda mutasaddi tashkilotlarning xabari bo‘lmasligi mumkin emas. Chunki ijtimoiy tarmoqlardagi samarqandliklar guruhlarida bu mavzu  mudom tilga olinadi. Yoki patta berilmasligi va yo‘lovchilarga qaytim qaytarilmasligidan yig‘ilib qolgan  mablag‘ toma-toma ko‘lga aylanadimi?

Taqqoslash uchun misol keltirmoqchimiz: Toshkent shahrida jamoat transportlaridan foydalanayotgan yo‘lovchilarga 500, 200, 100 va 50 tiyinlik chaqalar bilan qaytim qaytariladi.  Shu o‘rinda yo‘lovchilarning haqidan urib qolayotganlarga eslatmoqchimiz: birovning haqi aslo buyurmaydi, u hatto chaqa bo‘lsa ham. 

LIBOSIGA QARAB...

Ruslarda “Libosiga qarab kutib olinadi,aqliga qarab kuzatiladi” degan maqol bor. Albatta, bu maqolda insonning aql- farosati libos bilan o‘lchanmasligiga ishora qiladi. Ammo shunday joylar borki, u yerda libos insonning ko‘rki  sifatida namoyon bo‘ladi. Bu  gapni avtobus haydovchilari va konduktorlarga nisbatan ham ishlatishimiz mumkin. Samarqandda jamoat transportlarida haydovchi va konduktorlarning liboslari havas qiladigan darajada emas. Kimdir sport kiyimida bo‘lsa, boshqasi  bozor-o‘charga kiyadigan libosda. Liboslarning tozaligi kishida havas uyg‘otmaydi. Aslida, haydovchi va konduktorlar belgilangan formada bo‘lishi va yo‘lovchida xushkayfiyat uyg‘otishi kerak emasmi? Mutasaddi tashkilotlar avtobus haydovchilari va konduktorlarining ish paytida kiyadigan liboslarini nazorat ostiga olish payti kelgan, deb o‘ylaymiz.

Shu o‘rinda haydovchi va konduktorlarning yo‘lovchilarga nisbatan muomalasi haqida ham eslatib o‘tsak. Yo‘lovchilar avtobuslar bekatlarda ko‘p turib qolishi haqida eslatishsa, baʼzi haydovchilar qo‘pol muomala qilib, “yoqsa shu, yoqmasa taksida yuring” deyishadi. Avtobus haydovchi yoki konduktorning shaxsiy mulki emaski, u yo‘lovchiga bunday muomala qilsa. Qolaversa, shaxsiy mulki bo‘lgan taqdirda ham qo‘pol muomala qilishga uning haqi yo‘q.

MAʼNAN ESKIRGAN

Gap Samarqanddagi jamoat transportlari haqida, ayniqsa, avtobuslar haqida borar ekan, ularning ahvoli haqida taassuf bilan gapirmoqdan boshqa iloj yo‘q. Samarqandda shahar ichi va shahardan tashqarida harakatlanayotgan avtobuslarning asosiy qismi  maʼnan eskirgan. Kam sig‘imli avtobuslar tig‘iz paytda – ertalab aholi ishga otlangan va kechki payt manziliga qaytayotgan paytda ko‘p miqdordagi yo‘lovchini sig‘dirishga qodir emas. Shu sababdan kichik sig‘imli avtobusda tig‘iz paytda yo‘lovchilar tiqilib qolishga majbur.  Yozning jaziramasiyu qishning sovuq kunlarida bu hol yo‘lovchilarning o‘rinli eʼtirozlariga sabab bo‘ladi.

Boz ustiga, avtobuslar maʼnan eskirgan. O‘rindiqlari kir-chir, yirtilgan, avtobus yozda issiq,qishda sovuq. Vaholanki, dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida jamoat transportlari isituvchi va sovituvchi moslamalar bilan jihozlangan. Yo‘lovchi o‘zi foydalanayotgan jamoat transportida qulaylikni his qilishi lozim. Bu bir jihatdan yo‘lovchiga ko‘rsatilayotgan hurmat ifodasidir. Yo‘lovchi birinchi galda mijoz. Mijozning xohishlari esa hurmat qilinishi lozim.

Avtobusda  yo‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun    yo‘lovchi chiqqan va keyingi bekat ovoz kuchaytirgichlar orqali eʼlon qilinsa, ayni ko‘ngildagi ish bo‘lur edi. Afsuski, hozircha samarqandliklar konduktorlarning baqiroq ovozini eshitishga majbur. Bu esa har doim ham yoqimli emas.

Shu o‘rinda Samarqand avtobuslarida qayta-qayta duch keladigan holat haqida so‘z yuritmoqchimiz.  Yuqorida tilga olinganidek, samarqandlik avtobus haydovchilari avtobus saloniga ko‘proq yo‘lovchi olish uchun harakat qilishadi. Buning uchun belgilanmagan joyda avtobusni to‘xtatib, qo‘l ko‘targan yo‘lovchini salonga chiqarishadi. Ammo yo‘lovchi belgilanmagan joyda tushib qolmoqchi bo‘lsa, avtobusni to‘xtatishmaydi. To‘g‘ri, belgilanmagan joyda transport vositasini to‘xtatish  belgilangan tartiblarga xilof. Ammo o‘z foydasiga kelganda nega belgilanmagan joyda ham avtobus to‘xtatiladi?

Samarqandda kechki paytda jamoat transportida harakatlanmoqchi bo‘lgan odam faqatgina tramvaydan foydalana olishi mumkin. Chunki kechki soat 18-19dan keyin avtobuslarni hatto chiroq yoqib ham topa olmaysiz. Borlari ham belgilangan yo‘nalishga yetkazib bormaydi. Haydovchi “Garajga ketyapmiz” degan bahona bilan yo‘lovchilarni manziliga yetkazmay, yarim yo‘lda tushirib ketadi. Vaholanki, avtobuslar kech soat 23.00gacha haraktlanishi belgilangan. Ammo bu paytda faqatgina tramvay va taksilar shahar ichida harakatlanadi. Ammo biror sabab bilan bu vaqtda  shaharga yondosh tumanlarga ketmoqchi bo‘lgan odam qanday qilib manziliga yetib boradi?  Yoki avtobuslar chindan ham haydovchilarning shaxsiy mulkimiki, istagan paytda harakatlanishni to‘xtatib qo‘ysa?

Maqolamizda Samarqandda shahar ichida harakatlanayotgan  avtobuslar haqida so‘z yuritdik.  Samarqand viloyati transport boshqarmasidan bu borada munosabat kutib qolamiz.

                                                                  Dilfuza Zaripova

Avtobuslar kimga xizmat qiladi? | Zamon.uz