Jamiyat

SSV: Qayta chaqiriqlar "Tez yordam" brigadalarining manzilga kechikib borishiga sabab bo‘ladi

So‘nggi vaqtlarda aholi orasida “COVID-19” infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortayotgani sababli Toshkent shahar “103” tez tibbiy xizmatiga kelib tushayotgan kunlik chaqiriqlar soni ham oshib bormoqda.

SSV: Qayta chaqiriqlar "Tez yordam" brigadalarining manzilga kechikib borishiga sabab bo‘ladi

Xo‘sh, shahar “Tez yordam” xizmati ushbu murojaatlarga o‘z vaqtida javob bera olyaptimi? Tizimda ish samaradorligini oshirish, bemorlarga sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatish borasida qanday ishlar qilinmoqda?

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor BO‘RIBAYEVga murojaat qildi.

— Sir emas, shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida koronavirus bilan bog‘liq epidemik vaziyat murakkab bo‘lib turibdi, — deydi D. Bo‘ribayev — Afsuski, mamlakatimiz, xususan, Toshkent shahri aholisi orasida “COVID-19” infeksiyasiga gumon qilingan, pnevmoniya va koronavirus kasalligi tasdiqlangan hamda boshqa yuqumli xastaliklar bilan kasallangan fuqarolar tomonidan “103” xizmatiga bo‘layotgan chaqiriqlar soni ham ortmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, ayni paytda shahar “Tez yordam” xizmati CALL-markaziga bir kunda o‘rtacha 5000-5100 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Jumladan, so‘nggi besh kun ichida (8 iyuldan-12 iyulgacha) 26 ming 421 ta chaqiriq kelib tushgan bo‘lsa, shundan pnevmoniya belgilari kuzatilgan, koronavirusga gumon qilingan yoki tashxisi qo‘yilgan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan ikki ming uch yuz qirq nafarga yaqin bemorga sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.

— Bugungi pandemiya davrida aholining “Tez yordam”ga bo‘lgan yuqori ehtiyojini qondirish maqsadida tizimda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

— Aholining “103” xizmatiga murojaatlari soni oshib borayotganligi sababli shu kunlarda shahar “Tez yordam” xizmati avtoparkiga 65 ta yangi avtotransport vositasi olib kelindi hamda tibbiyot xodimlaridan iborat qo‘shimcha brigadalar tashkil etildi.

Shuningdek, chaqiriqlarga o‘z vaqtida javob berish, ularni tez tibbiy yordam brigadalariga tezkor ravishda uzatish hamda tarmoqda biron bir bandlik holatlari kuzatilmasligi uchun Toshkent shahar “103” xizmati CALL-markazi operatorlari soni qo‘shimcha 40 nafarga oshirilib, jami 80 nafarga yetkazildi. Bu esa o‘z navbatida tizimda ish sifatini yana-da yaxshilash imkonini berayotir.

— Baʼzida aholi tomonidan bir nafar bemor uchun “Tez yordam” xizmatiga qayta-qayta murojaat qilish kuzatiladi. Aytingchi, bu holat tizim faoliyatiga qanchalik taʼsir etadi?

— Darhaqiqat, keyingi vaqtlarda bir manzilga bir nechta joydan qayta-qayta chaqiriqlar kelib tushmoqda. Yaʼni, bitta bemorga oila aʼzolari, do‘stlari, shuningdek, qo‘shnilari tomonidan ham murojaatlar qabul qilinmoqda. Aytish lozimki, bu kabi holatlar pandemiya davrida shundoq ham tig‘iz tartibda faoliyat yuritayotgan tez tibbiy yordam xizmati ishini yana-da qiyinlashtirib, “103” brigadalariga yuklamalar ortishiga sabab bo‘layotir.

Qolaversa, qayta chaqiriqlar tufayli bitta manzilga bir vaqtning o‘zida ikkita, uchta, hatto, to‘rttagacha “Tez yordam” avtomashinasining borib qolish holatlari kuzatilmoqda.

Aytish lozimki, bugungi kunda “103” xizmati to‘liq avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega bo‘lib, aholidan kelib tushayotgan har bir chaqiriq tizim bazasiga kiritiladi. Yaʼni, “Tez yordam” chaqirish uchun bir marta murojaat qilishning o‘zi kifoya. Qayta chaqiriqlarga esa hojat yo‘q.

Shu bois, fuqarolarimizdan biroz sabrli bo‘lishlarini, shoshqaloqlik bilan qilingan noto‘g‘ri harakat boshqa bir bemor hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini yodda tutishlarini istar edim.

SSV: Qayta chaqiriqlar "Tez yordam" brigadalarining manzilga kechikib borishiga sabab bo‘ladi | Zamon.uz