Abituriyent tayyormisan? O‘qishga kirishda nimalarga eʼtibor berish kerak?
Yurtimizda 20 iyundan 20 iyulgacha OTM larga qabul boshlanadi. Ayni kunlarda o‘qishga tayyorlanayotgan abituriyentlar qalbida qo‘rquv va hayajon bilan imtihon kunini kutishmoqda. Qo‘rquv va xayajonni yo‘qotsa bo‘ladimi? Shu va shu kabi savollarimizga “Jemchuk” psixologiya markazi psixologi Umida Karimova javob berdi.

Abituriyentning psixologik holati qanday bo‘ladi?
Abituriyentlar asosan 3 xil hissiyotni boshidan kechiradi, yaʼni OTM ga tayyorlanayotgan yigit-qizlarda qo‘rquv, xavotir va ikkilanish bo‘ladi. Aynan mana shu insonning ichidagi qo‘rquv va xavotirlari uni diqqat eʼtiborini bitta narsaga qaratib, maqsad sari harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi.
Yana bir narsani aytish kerakki, abituriyentga o‘qishga kirmasligi emas, balki atrofdagilarning fikri, ota-onasining sarflagan mablag‘i va vaqti ko‘proq alamli bo‘ladt. Ular aynan mana shu narsadan qo‘rqadi. Shuning uchun atrofdagilari uchun ham harakat qilmoqchi bo‘ladi.
Maqsadni aniq qo‘yish kerakmi? Yoki tasodiflar ham rul o‘ynaydimi?
Maqsad aniq bo‘lishi kerak. Aynan qaysi yo‘nalishga va qaysi o‘qishga topshirish bo‘yicha maqsad aniq qo‘yilgan bo‘lishi shart. Abituriyent kelajakda qaysi mutaxassis bo‘lmoqchi ekanini o‘zi uchun aniqlab olgani maʼqul.
Oddiy misol, ko‘chaga chiqib biron joyga bormoqchi bo‘lsak, borar manzilimiz aniq bo‘lsa, manzilni qiynalmay topib boramiz. Lekin boradigan joy 3 yoki 4 ta bo‘lsa aylanib-aylanib maqsadimiz – asosiy manzilga juda ham sekin yetib boramiz. Maqsad qanchalik aniq bo‘lsa, unga yetib borish shunchalik oson bo‘ladi. To‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanish uchun ham maqsad kerak.
Tasodiflar esa hammaning hayotida bo‘ladi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda maqsadni aniqlab olish kerak.
Agar o‘qishga kira olmasa tushkunlikka tushmaslik uchun nima qilish kerak?
Ko‘pincha o‘qishga kira olmaganlar depressiyaga tushib qolishadi. O‘qishga topshirayotgan yoshlarga aytardimki, inson bor imkoniyatlarini faqat bitta narsaga tikmasligi kerak. Bizdagi ko‘plab abituriyentlarning xatosi imkoniyatini faqatgina bitta narsaga sarflaydi. Shuning uchun o‘qishga kirishni juda muhim deb hisoblaydi.
Inson hayotda nimaning muhimligini oshirsa o‘sha narsadan kaltaklanadi, ozorlanadi. O‘qish muhim, ammo hayotni faqat universitetga kirish bilan baholamasdan boshqa rejalarni ham tuzib qo‘yishi kerak. Misol uchun, agar men bu yil tibbiyot universitetiga topshira olmasam yoki kira olmasam, keyingi bir yilda nima bilan shug‘ullanishim mumkin? Bu savolga javobni abituriyent test imtihoniga kirmasdan oldin o‘ylab qo‘yishi kerak. Keyingi yil yana qayta tayyorlanishi mumkin. Yoki ishlab, o‘qishi mumkin. IELTS ga tayyorlanishi va bu yilga boshqa ulkan maqsadlarni oldiga qo‘yishi mumkin. Mana shunday 2 3 ta rejani o‘zining oldiga belgilab olish lozim. Shunda ayni narsaning muhimligi tushadi. Demak, bu narsaga erisha olmasam ikkinchi yo‘lim ham bor, u ham bo‘lmasa uchinchi yo‘lim bor. Aynan mana shunday bir qancha variantlarning borligi birinchi qo‘yilgan maqsadning muhimligini sal tushiradi. Hayotda nimaning muhimligini biz tushiradigan bo‘lsak, u bizga yana-da tezroq kelishni boshlaydi.
Bu dunyo balanli yaratilgan. Tarozining ikki pallasi bor. Ikkisi ham teng. Biz biron narsani muhim hisoblaganimizda tarozining bir pallasiga og‘irlik tushadi va ikkinchisi ko‘tariladi. Misol uchun, biron bir universitetga kirish holatida ko‘radigan bo‘lsak, “Men universitetga kirishim kerak. Kirmasam bo‘lmaydi. Agar kira olmasam nima degan odam bo‘laman?” Abituriyent qanchalik shunaqa fikrlay boshlasa, tarozining bir pallasi og‘irlashib boradi – pastga tushadi, ikkinchisi esa tepaga ko‘tariladi. O‘qishga kira olmagan vaqtda qanchalik pastga tushgan tarozi pallasining birdan tenglashganini tasavvur qiling. Bunaqa tenglashishda esa odam umidsizlikka tushib qoladi. Hamma narsadan sovib ketadi. Eng yomoni o‘ziga bo‘lgan ishonchi tushadi. Inson kuchli depressiya holatiga tushib qoladi. Chunki u hayotda aynan mana shu narsani muhimlashtirdi. Shu sabab boshqa variantlarni qilib, tarozining bu pallasiga ham kichik toshlarni qo‘yib qo‘yish shart. Bu kabi insonlarning o‘ziga nisbatan ishonchi ham baland bo‘ladi. Shu bilan birga o‘ziga ishonchi baland bo‘lgan odamning o‘qishga kirish imkoniyati ham oshadi.
Imtihonda bilgan savollariga ham ikkilanib qolgan vaqtlarda nima qilish kerak?
Avvalo, bitta savolni uch martadan ortiq o‘qimaslik kerak. Savolni qancha ko‘p o‘qisa, shuncha ko‘p chalkashadi. Bitta savolni inson takror va takror o‘ziga bergan vaqtida yechimini topishga qiynalib qoladi. Bunday vaziyatda shu savolni keyinga qoldirib, boshqasini ishlash kerak. Boshqa 5 6 ta savollarni ishlab bo‘lgach, qaytib ikkilangan savolini ko‘zdan kechirsa bo‘ladi. Agar shunda ham ikkilanish bo‘lsa, bu savolni oxiriga qoldirish kerak. Qachonki bitta narsani ustida uzoq bosh qotirsa, uning yechimini topishga shuncha qiynaladi. Bu esa “Xato qilib qo‘ymay” degan xavotirga sabab bo‘ladi. Chuqur nafas olgan holda, asabiylashmsdan vaziyatni to‘g‘ri qabul qilib, keyingi savollarni ko‘zdan kechirish kerak.
Imtihonga bir kun qolganda qanday psixologik tayyorgarlik ko‘rish kerak?
Birinchi o‘rinda to‘yib uxlab olishi kerak. Agar, to‘yib uxlab olmasa insonning bosh miyasi charchagani hisobiga informatsiya ko‘payib ketadi. Shu sabab keyin kerak-keraksiz axborot miyada aylanaveradi. Keyin imtihon vaqti ayni kerak informatsiya saralanib chiqmaydi. Bosh miyada informatsiyalarning saralanishi uchun ham uyqu zarur hisoblanadi.
Bir soat tabiatda sayr qilish kerak. Bu insonning diqqatini jamlashga yordam beradi. Imtihondan oldin imkon qadar kamroq insonlar bilan muloqatda bo‘lib, o‘zi bilan o‘zi bo‘lishi kerak. Xayojon bo‘lsa chuqur nafas olib, chiqarish kerak. Buni 10-15 marotaba takrorlang. Nafas mashqlari Xayojonni yengishda yordam beradi. Bu mashq imtihon kuni ham yordam beradi.
Ota-onalarga eslatma! Farzandingizga ishoning. Bolangizga har qanday vaziyatda u bilan birga ekaningizni ayting. O‘qishga kira olmagan taqdirda ham, boshqa bir qancha variantlar borligini va o‘qish hayotda doim ham oliy maqsad emasligini ayting. Bola ota-onasining qo‘llab-quvvatlashini his qilishi unga kuch beradi.
Shahnoza Xoliqova







